Bu maskan Samarqand viloyati Bulung‘ur tumani Beshqo‘ton mahallasida joylashgan. “Sohibkor” deya atalgan bu lager M-39 trassasidan uncha uzoq emas.

Oromgohda yaqin yillargacha bolalar yozgi ta’tilni o‘tkazishgan, hudud yuzlab daraxtlardan iborat kichik o‘rmon bo‘lgan. Google Earth dasturi orqali ham bir yil avval obekt atrofi qalin daraxtzor bo‘lganini ko‘rish mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu lager qog‘ozda boshqa odamga, amalda Bulung‘ur tumani prokurori yordamchisi Azizxon Sultonovga sotilgani haqida yozishdi.

Mahalliy aholining so‘zlariga ko‘ra, hudud auksionda sotib olinganidan so‘ng bu joyga prokuror yordamchisi Azizxon Sultonov bir necha marta kelgan, lager o‘rnida yaxshi loyihalar amalga oshirishi haqida aytgan.

Lagerning egasi kim?

Kun.uz muxbiri tuman hokimligida bo‘lib, maskanni auksion savdolari orqali sotib olgan Sitora Sultonova bilan suhbatlashdi.

Sultonova haqiqatan ham Bulung‘ur tumani prokurori yordamchisi Azizxon Sultonovning singlisi ekanini yashirmadi. Ammo bu joyni akasining yordami bilan emas, AQShda ishlab kelgan ukasining mablag‘iga olganini ma’lum qildi. U auksionda ishtirok etib, umumiy yer maydoni 1,45 gektar bo‘lgan lagerni 308 773 000 so‘mga sotib olgan.

Mulkdor hududda daraxtlarning kesilishidan oldin ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasidan ruxsat so‘ragan. Inspeksiya yuridik yoki jismoniy shaxslarning mol-mulki bo‘lgan va ular tomonidan yog‘och-taxta va hosil olish uchun ekilgan daraxtlarni kesishga davlat ekologiya xulosasi taqdim etilmaydi, degan javobni bergach, lager hovlisidagi 198 dona daraxtlarni kesib yuborgan.