O‘zbekiston | 12:50 / 16.02.2022
7561
4 daqiqa o‘qiladi

«Har bir xonadonda 5 tup mevali va 5 tup manzarali daraxt ekiladi» - Farhod Ermanov aholiga murojaat qildi

Xorazm viloyati hokimi chiqindilar bilan ishlash tizimi va ekologik holatni yaxshilash, «Yashil makon» umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha aholiga murojaat qildi.

Foto: Xorazm viloyati hokimligi matbuot xizmati

Farhod Ermanov dastlab viloyatdagi chiqindilarni to‘plash, saralash va qayta ishlash tizimi to‘g‘risida axborot berdi.

«Hozirgi kunda viloyatda chiqindini qayta ishlovchi 15 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash darajasi 10 foizni tashkil qiladi, bu juda past ko‘rsatkich. Joriy yilda bu ko‘rsatkich kamida 40 foizga yetkaziladi.  

Xalq ta’limi, maktabgacha ta’lim, sog‘liqni saqlash tizimidagi tashkilotlarda 1300 dan ortiq maxsus chiqindi konteynerlari o‘rnatiladi. 

Viloyat hududidagi 8 ta maishiy chiqindi poligoni faoliyati to‘xtatiladi. Bog‘ot va Qo‘shko‘pir tumanida 2 ta yangi poligon tashkil etiladi. 6 ta tumanda chiqindini qayta ishlash stansiyalari quriladi, ular 12 ta maxsus texnika va konteynerlar bilan ta’minlanadi». 

Viloyat rahbari sanitar tozalash xizmati to‘lovlari bo‘yicha aholining qarzdorligi miqdori yuqori ekanini ta’kidladi.

«2022 yil holatiga sanitar tozalash xizmati to‘lovlari bo‘yicha qarzdorlik 25 mlrd so‘mdan oshgan. Bu miqdorni qisqartirish maqsadida ishchi guruh tuzildi va qarzlarni undirish ishlari olib borilmoqda. Shu bilan birga, fuqarolarimizni sanitar tozalash xizmati to‘lovlarini o‘z vaqtida amalga oshirishga chaqiraman».

Farhod Ermanov viloyat hududida «Yashil makon» umummilliy loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlariga to‘xtaldi.

«1 martdan «Yashil makon» umummilliy tadbiri boshlanadi. O‘tgan yili tadbir doirasida viloyatda 5 mln 825 ming tup manzarali va mevali ko‘chatlar ekildi. 24,6 gektar maydonda yashil bog‘ va jamoat parklari tashkil qilindi.

Bahorda yana 9 mln 55 ming mevali va manzarali daraxt ekilishi belgilangan. Barcha shahar va tumanlarda 123 gektar maydonda yashil bog‘lar, 144 gektar maydonda jamoat parklari tashkil qilinadi. Bahorda har bir xonadonda 5 tup mevali va 5 tup manzarali daraxt ekilishini belgilab qo‘yganmiz. 

Tuproq sho‘rlanishi darajasi yuqoriligi, yerosti suvlari sathi yuqoriligi sababli, viloyat iqlimiga mos daraxt ko‘chatlari ekiladi. O‘rmon xo‘jaligi, ko‘chat yetishtiruvchi fermerlar va tadbirkorlik sub’yektlari va obodonlashtirish boshqarmalarida ko‘chatlar yetishtirilmoqda. Boshqa hududlardan ham ko‘chatlar keltiriladi.

Ko‘chatlarni faqat ekish emas, ularni parvarish qilish, sug‘orish tizimini yaratish, irrigatsiya tizimlarini tozalash, tomchilatib sug‘orishni ham joriy qilish zarur».

Viloyat rahbari aholini ekologik madaniyatni oshirishga, atrof-muhit tozaligiga e’tibor qaratishga, umummilliy tadbirda faol qatnashishga chaqirdi.

«Xorazmliklarni «Yashil makon» umummilliy tadbirida faol qatnashishga, vohani bog‘-u rog‘larga aylantirish, ekologiya musaffoligini saqlashga munosib hissa qo‘shishga, ekologik madaniyatni oshirish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlamaslik, atrof-muhitni toza saqlashga o‘rganish, ekologik barqarorlikni saqlashga chaqiraman».

Mavzuga oid