Hafta o‘rtasida o‘tgan yevrokuboklar juma kuni milliy chempionat o‘yinlariga, xususan Turin derbisiga ulanib ketdi va «Yuventus» yana ochko yo‘qotdi. Angliyada esa bugun, 19 fevral kuni Pep Gvardiola va Antonio Kontening navbatdagi to‘qnashuvi bo‘lib o‘tadi. Ispaniyada bask derbisi, shuningdek, Angliyaning eng katta qarama-qarshiliklaridan biri ushbu dam olish kunlari bizni kutib turibdi.

19 fevral (shanba)

MANCheSTeR SITI – TOTTeNHEM

O‘yin boshlanish vaqti: 22:30

TV-translatsiya: FutbolTV

Jamoalar ushbu mavsumning ilk turida ham Londonda to‘qnash kelishgan va o‘shanda mezbonlar 1:0 hisobida g‘alaba qozongandi. Ko‘p narsa o‘zgardi, hatto «Tottenhem»ning murabbiyi ham boshqa – Antonio Konte. «Manchester Siti» esa o‘sha mag‘lubiyatdan keyingi 24 o‘yinda yana atigi bir marta yutqazdi, xolos va ayni damda APLda 9 ochkolik farq bilan peshqadamlik qilmoqda. Yevrokuboklar va tig‘iz taqvimlar oldidan Gvardiola shogirdlari ochko yo‘qotmaslikka harakat qilishlari tabiiy, zero asosiy ta’qibchi bo‘lmish «Liverpul» ham qatorasiga g‘alaba qozonib kelmoqda.

Lekin «Tottenhem» biroz muvaffaqiyatsiz davrni boshdan kechiryapti. Konte kelganidan beri, Angliyada 8 o‘yinda mag‘lubiyatga uchramagan jamoa qatorasiga uch o‘yinda mag‘lubiyatga uchradi. «Chelsi» bilan safar o‘yinini tushunish mumkin, raqib kuchli edi, ammo keyingi ikki uy uchrashuvida jadvalda pastroq joylashgan jamoalardan mag‘lubiyatlar ancha og‘ir bo‘ldi. Yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha hatto APLda uchinchi o‘rinda bo‘lgan va YeChL yo‘llanmasi uchun kurashda favorit bo‘lgan «Tottenhem» 8-o‘ringa tushib ketdi.

Foto: Getty Images

Tarkiblar borasida har ikki jamoada ham aytarli muammo yo‘q. Mezbonlardan Grilishning qaytishi hali noma’lum bo‘lsa, shuningdek, Jyezusning o‘ynashi ham shubha ostida. Shu bilan birga «Siti» hafta o‘rtasida YeChL doirasida Portugaliyada o‘z o‘yinini o‘tkazdi va Gvardiola tarkibda bir qator rotatsiyalarni amalga oshirishi ham mumkin. Mehmonlardan esa Tanganga va Oliver Skiplarda jarohat bor.

Shuningdek, Harri Keynning «Etihad»da maydonga tushishi ham o‘ziga yarasha e’tiborga arzirli bo‘lishi kerak. Hujumchini yoz bo‘yi «Manchester Siti» sotib olishga muvaffaqiyatsiz urinib ko‘rgan va hali ham fikridan voz kechgani yo‘q. Futbolchi esa Manchesterga o‘tish uchun hatto o‘z klubida mashg‘ulotlardan voz kechgandi. Yuqorida tilga olingan 1-tur o‘yinida ham Keyn qatnashmagandi.