Yevropada bir qarich yer uchun kurashlar faqat va faqat sport maydonlarida bo‘lishi kerakligini targ‘iboti o‘laroq, bu hafta ham e’tiboringizga bir qator katta o‘yinlarni tayyorlab qo‘ygan. Ispaniyada Klasiko va Andalusiya derbisi, Angliyada Liverpul va Manchesterning navbatdagi to‘qnashuvi, Italiyada esa chempionlikni yutqazish musobaqasi davom etadi.

26 fevral (shanba)

EVeRTON – MANCheSTeR SITI

O‘yin boshlanish vaqti: 22:30

TV-translatsiya: UzReportTV

«Everton» va «Manchester Siti» o‘rtasida qiziq tendensiya bor – aslida liverpulliklar «Siti»ga qarshi ancha munosib raqib hisoblanishadi, masalan, o‘tkazilgan oxirgi 25 o‘yinning 11tasida mag‘lubiyatga uchramaslikning uddasidan chiqishgan. Lekin boshqa tomondan «Siti» aynan «Liverpul» bilan chempionlik kurashiga kirishgan mavsumlarda «Everton» hech qanday jiddiy qarshiliksiz mag‘lubiyatga uchrayvergan. Buni hatto ikki Liverpul klubi o‘rtasidagi ziddiyat bilan bog‘lashadi ham. So‘nggi yillarda esa Gvardiola shogirdlari natija borasida yaqqol ustunllikka ega. Barcha musobaqalardagi oxirgi 9 o‘yin «Siti»ning g‘alabasi bilan yakunlangan. «Everton» so‘nggi g‘alabasini 2016 yilda, Gvardiolaning murabbiy sifatida «Guddison»ga ilk safarida ro‘y bergandi – 4:0.

«Siti»ning «Tottenhem»ga uchralgan mag‘lubiyatidan so‘ng, «Liverpul» vaziyatdan ustalik bilan foydalandi va hafta o‘rtasida «Lids»ni mag‘lub etib, o‘rtadagi farqni 3 ochkogacha qisqartirdi. Demak bir oy oldingi yaqqol peshqadamlikdan asar ham yo‘q, «Siti» buyog‘iga ochko yo‘qotmasligi shart. Zero ikki favorit o‘rtasida o‘zaro o‘yin ham bizni kutib turibdi.

Foto: Getty Images

Lempard jamoa o‘yinini yaxshilashga urinayotgan, ba’zi vaziyatlarda bu sezilayotgan bo‘lsa-da, natija borasida muammolar ko‘p. «Lids» bilan o‘yindagi chiroyli g‘alabadan so‘ng, «Sauthempton»dan og‘ir, har jihatdan mag‘lubiyat qabul qilindi. Ligada jon saqlash uchun asosiy raqiblar o‘sha «Lids», yangilangan «Nyukasl» va so‘nggi turlarda ochko to‘plashni boshlab yuborgan «Byornli» ekanini e’tiborga olsak, Lempardga oson bo‘lmaydi. Darvoqe, «Manchester Siti» Lempard uchun Angliyadagi so‘nggi to‘p surgan jamoasi ekanini ham esga olish kerak.

Tarkiblarga kelsak, mezbonlar tarkibida Godfri, Deyvis va Mina kamida bir oydan keyin safga qaytadi. Sobiq «sitichi» Fabian Delfning ham tiklanish muddati shunaqa. Vitaliy Mikolenkoning maydonga tushishi so‘roq ostida. Mehmonlar safida esa deyarli yo‘qotishlar yo‘q.