Jahon | 10:47 / 28.02.2022
25937
3 daqiqa o‘qiladi

Alisher Usmonov Yevropa ittifoqi sanksiyalari ostida qolishi mumkin 

Yevropa ittifoqi Rossiya davlat kompaniyalari va ommaviy axborot vositalari yuqori mansabdor shaxslari, shuningdek, mamlakatning ba’zi badavlat kishilariga nisbatan sanksiyalar qo‘llash imkoniyatini muhokama qilmoqda. Bu haqda Bloomberg xabar berdi. 

Foto: The Times

Unga ko‘ra, USM xolding asoschisi va eng yirik aksiyadori Alisher Usmonov, «Alfa-Grupp» egalaridan biri Mixail Fridman, «Alfa-bank» direktorlar kengashi raisi Petr Aven, «Severstal» direktorlar kengashi raisi va asosiy aksiyadori Aleksey Mordashov cheklovlar ostida qolishi mumkin. Bundan tashqari, YeI Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovga nisbatan sanksiyalar qo‘llash imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Avvalroq Yevropa ittifoqiga a’zo mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari «qora ro‘yxat»ni kengaytirishga va’da berib, Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar bo‘yicha kelishib olgandi. Yevropa ittifoqi diplomatiyasi rahbari Jozep Borrelga ko‘ra, ro‘yxat dushanba kuni tuziladi va e’lon qilinadi. Uning tarkibiga rossiyalik siyosiy arboblar, oligarx va ishbilarmonlar kiradi, ularning «qora ro‘yxat»ga kiritilishi katta iqtisodiy ta’sir ko‘rsatadi.

24 fevral kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Donbass respublikalari rahbarlarining murojaatiga javoban Ukrainada maxsus harbiy operatsiya o‘tkazilishini e’lon qildi. 

Bunga javoban g‘arb davlatlari ham shaxsiy, ham sohalarga tegishli sanksiyalarni kiritdi. Sanksiyalar Rossiyaning davlat qarzi va bank sektoriga nisbatan ham taalluqli.

Bundan oldin, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy keyingi 24 soat Ukraina uchun hal qiluvchi bo‘lishini aytgandi.

U Buyuk Britaniya bosh vazir Boris Jonson bilan telefon orqali muloqoti chog‘ida shunday degan. Dauning-strit xabariga ko‘ra, Jonson Ukraina mudofaasiga yordam berish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishga va’da bergan.

Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabiga ko‘ra, to‘rt kun ichida Rossiya armiyasi 4500 kishini yo‘qotdi. Bu raqamga o‘lganlar, yaradorlar va asirlar kiradimi yoki faqat halok bo‘lganlar kiradimi, noma’lum. Rossiya Mudofaa vazirligi halok bo‘lganlar va asirlarning aniq sonini aytmayapti, biroq 27 fevral kuni birinchi marta armiyada yo‘qotishlar bo‘lganini tan oldi.

Mavzuga oid