Bugungi qahramonlarimiz tovon pulini to‘lab berishi mumkin bo‘lgan mas’ul, deb faqat Qashqadaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Nodir Erkayevni taniydi va har hafta uning qabulida vaqt o‘tkazishadi.



Shavkat Sapayev rahbarlik qiluvchi “Komfort Universal Baraka Savdo” xususiy korxonasiga tegishli bino 2018 yilda Qarshi shahar hokimligi tomonidan buzilgan. Dastlab mulk uchun 132 million so‘m kompensatsiya to‘lab berilishi ko‘zda tutilgan bo‘lsa-da, shahar hokimligi bu masalani hal qilmagan. Yoza-yozlar, yugur-yugurlar sabab, ish sudgacha borgan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudining 2021 yilning 7 oktyabrdagi qaroriga ko‘ra, Sapayev foydasiga nafaqat 132 mln so‘m, balki yana 58 mln so‘m bank stavkasida foiz undirish ham nazarda tutilgan. Aytish mumkinki, tadbirkorning tovon pulini o‘z vaqtida to‘lamaslik hokimlikka, pirovardida budjetga, yana ham aniqrog‘i, soliq to‘lovchilarga yanada qimmatga tushgan.
Sapayevning aytishicha, bugun uning ishlari butunlay orqaga ketgan. Ishchilari ishsiz. Buzilgan mulkning zarari to‘lab berilmagan, yangi ish boshlashga esa sarmoya yo‘q.


Qarshi tumanlararo iqtisodiy sudining 2021 yil 17 sentyabrdagi qaroriga ko‘ra, “Uchqun” xususiy korxonasi egalariga 199 mln so‘m kompensatsiya to‘lab berilishi kerak. Ushbu mulk 2016 yilda davlat ehtiyoji uchun buzilgan bo‘lib, hozirga qadar zarari qoplab berilmagan.

Aytish mumkinki, aksariyat tadbirkorlar yangidan faoliyat boshlashi uchun tovon puli to‘lab berilishiga qarab turishibdi. Ushbu majburiyat hokimlik tomonidan tobora keyinga surilishi esa ikki tomonning ham zarariga ishlayapti. Tadbirkorlar alamzada, sarson va daromaddan qolyapti. Tadbirkorlarning xarob bo‘lib borayotgani hokimlikning parvoyiga ham kelayotgani yo‘q.















