«La’nat butun hayotingga tatiydi»

Doktor Jon Stoun Janubiy Nigeriyadagi Benin universitetida siyosatshunoslikdan dars beradi. U o‘n yillar davomida odam savdosi, internetdagi firibgarlik va qotilliklarni amalga oshirgan «Qora bolta»ning yuqori martabali a’zosi bo‘lgan.

Doktor Jon Stoun «Qora bolta» a’zosi bo‘lganidagi xotiralarini ko‘p eslaydi. Uni qon, qurol yoki otishmalar emas, odamlarning yolvorishlarini xotirlash ko‘p qiynaydi.

«Bu – juda og‘riqli. Marhumlarning oilalari seni la’natlaydi va bu la’nat butun hayotingga tatiydi», - deya afsus qiladi u.

«Qora bolta» mahalliy tilda cult – kalt deb yuritiladi. Guruh a’zosi esa «Bolta odam» – Axeman deb ataladi. Bu guruh o‘zining ashaddiy zo‘ravonliklari bilan ham mashhur. Hatto guruh a’zolarining yo‘lini kesib o‘tish xavfli bo‘lgan. Chunki bundaylar duch kelishi mumkin bo‘lgan qiynoqlar ijtimoiy tarmoqlarda allaqachon tarqalgan. 

Doktor Stoun guruh a’zosi bo‘lgan yillari zo‘ravonliklarda qatnashganini tan oladi. O‘shanda uni «qassob» laqabi bilan chaqirishardi.

Doktor Jon Stoun, «Qora bolta»ning sobiq a’zosi
Foto: BBC

Stoun «Qora bolta» a’zolaridan xalqaro OAVga to‘da haqida ma’lumot bergan birinchi odam bo‘ldi. BBC 2 yillik surishtiruvi davomida ko‘pchilik bilan aloqa o‘rnatib, to‘daning o‘zaro aloqalariga oid minglab maxfiy hujjatlarni topdi. Natijalar «Qora bolta»ning o‘tgan o‘n yillikdagi eng keng qamrovli va juda xavfli jinoiy guruhlarga aylanganini ko‘rsatgan.

Ular qurbonlar sonini futbol hisobidek yuritadi

Bolta odamlar Afrika, Yevropa, Osiyo va Shimoliy Amerikadagi oddiy odamlar orasida ham yuribdi. Hatto elektron pochtangizga ulardan xat kelgan bo‘lishi ham mumkin.

BBC «Qora bolta»ning o‘n minglab sirli hujjatlarini qo‘lga kiritgan odamni topishga muvaffaq bo‘lgan. Ma’lumot beruvchi asl ismini oshkor qilmay, Uche Tobiac taxallusidan foydalanishni afzal ko‘rdi. U taqdim qilgan hujjatlar guruh a’zolari deb taxmin qilingan yuzlab odamlarning shaxsiy aloqalariga oid. 2009-2019-yillardagi xabar almashinuvlarida qotillik, dori kontrabandasi va internetdagi firibgarliklar haqida gap boradi. Bu materiallarning ko‘pi vahshiyliklar haqida va ularni nashr etishning imkoni yo‘q.