Mahalla ahli 4–5 yil muqaddam yangi uylarga ko‘chib chiqishgan. Murojaatlari samarasiz qolavergach, qo‘lbola simyog‘ochlarni o‘rnatib, qo‘shni mahalladan elektr toki tortib kelishga majbur bo‘lgan. Ushbu mahallani to‘liq elektr bilan ta’minlash uchun 40 ga yaqin beton simustunlar kerak bo‘ladi. Bundan kelib chiqadiki, muammo jiddiy.

Bundan tashqari, qo‘lbola simyog‘ochlar uzra tortilgan simlarning ayrim joylari odam qo‘li yetadigan darajada pastda joylashgan. Bu esa aholi uchun xavf tug‘dirishi tabiiy.
«Tokni tortib kelgach, qo‘shni mahalla aholisi bilan urishib ketyapmiz. Iste’mol ortganligi sabab zo‘riqish yuzaga kelib, transformator bir necha marta portlab ham ketdi. Ba’zan biz tomonni uzib qo‘ymoqchi ham bo‘lishadi. Mutasaddilar muammoga yechim bera olishmayapti», – deydi To‘ychivoy ko‘chasi oqsoqoli.

Qo‘lbola simyog‘ochlar bilan tortib kelingan elektrning quvvati juda past. Uydagi chiroqlar bazo‘r yonmoqda. Elektr tokidan faqat chiroq yoqish uchungina ishlatish mumkin, xolos. Muzlatkich yoki maishiy texnika vositalari uchun quvvat yetmaydi.

«Kun botgach farzandlarimiz uyga vazifalarini qila olmaydi. Sababi — tokning quvvati past. Xonani yetarlicha yoritib bera olmaydi. Avvalgi murojaatimizga javoban 2021 yilning 2-choragi yakuniga qadar ishlarni yakunlaymiz, deb javob berishgandi. Ammo 2022 yil keldi hamki, birorta harakat ham boshlanmadi», — deya holatni izohladi mahalla faoli Doniyorbek Soliyev.

Mahallaning muammosi qachon hal etilishi bo‘yicha izoh so‘rab, Shahrixon tumani elektr tarmoqlari korxonasi rahbari Jasurbek Jo‘rayevga yuzlandik.

«Bu ko‘chalarni loyihalashtirganmiz. 3 ta transformator qurilishi rejalashtirilgan. O‘tgan yili qolib ketishiga pandemiya sababchi. Bu yil oxirigacha bu ko‘cha ham to‘liq beton simustun va uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlanadi», — deydi u.
















