Jahon | 15:00 / 09.03.2022
27475
2 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistoni va BAA yetakchilari Bayden bilan muloqot qilishni rad etdi – OAV

Oq uy neft narxi keskin ko‘tarilgan hozirgi vaqtda bu mamlakatlar bilan munosabatlarni tiklashdan manfaatdor.

Foto: abc

Oq uy prezident Bayden hamda Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari yetakchilari o‘rtasida telefon orqali muloqotni tashkillashtira olmadi, deb xabar berdi The Wall Street Journal o‘z manbalariga tayanib.

Xabarda aytilishicha, Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad ibn Salmon va BAA shayxi Muhammad ibn Zayd al Nohayyon AQShning Bayden bilan telefon orqali muloqot qilish to‘g‘risidagi so‘rovini rad etgan.

«Telefon qo‘ng‘irog‘i kutildi, ammo bu amalga oshmadi», - degan nashr manbasi.

Qayd etilishicha, Saudiya Arabistoni vakillari Bayden ma’muriyati davrida Vashington bilan munosabatlar yomonlashganini shu orqali bildirgan. Qirollik Yamandagi fuqarolar urushiga aralashish uchun ko‘proq qo‘llab-quvvatlovga erishishni, shahzoda uchun AQShda yuridik immunitet taqdim etilishini istamoqda, degan Saudiya Arabistoni rasmiylari.

Amirliklar AQSh Yamandagi husiylarning Saudiya Arabistoniga bergan raketa zarbalariga javob qaytarmaganidan xavotirda, degan BAA rasmiy shaxslari.

Oq uy neft narxi keskin ko‘tarilgan hozirgi vaqtda bu mamlakatlar bilan munosabatlarni tiklashdan manfaatdor. Saudiya Arabistoni va BAA neft bozorini tartibga solishi mumkin bo‘lgan eng yirik ishlab chiqaruvchilar hisoblanadi. Ammo har ikki mamlakat neft qazib olishni ko‘paytirishni rad etgan.

Bayden bilan suhbatlashishni rad etgan shahzoda va shayx Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan qo‘ng‘iroqlashgan. Keyinroq ular Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan ham suhbatlashishgan.  

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid