Rossiyada biroz oldinroq kiritilgan taqiq — xorijga valuta mablag‘larini o‘tkazishga yangi taqiq qo‘shilmoqda: 2022 yil 9 sentyabrga qadar bank hisobvaraqlari va omonatlarda saqlanayotgan valutalardan faqat 10 ming AQSh dollar yechib olish mumkin.
Endi xorijiy valutaning mamlakatda erkin muomalasi bas qilinadi: chunki banklarda rubl evaziga valuta xarid qilish imkonsiz bo‘lsa, odamlar o‘zining valuta jamg‘armalarini erkin tasarruf eta olishmadi.
Boz ustiga, har qanday xorijiy valutada omonat kiritilgan bo‘lmasin, yechilayotganda bozor kursiga binoan 10 ming AQSh dollari beriladi. Undan ortig‘i Markaziy bank tomonidan o‘rnatiladigan maxsus kursda rus rublida qaytariladi.
Omonat yoki mablag‘ qaytariladigan kundagi bozor kursi bir kun avval savdolarda tashkil etilgan bitimlarda hisoblangan valutalarning o‘rtacha olingan kursi haqidagi ma’lumotlarga ko‘ra aniqlanadi.
O‘sha 10 ming dollarni ham darhol yechib olish imkonsiz: mijoz avval operatsiyani buyurtma qilishi kerak va bankka valuta keltirilgunga qadar kutishi darkor.
Yangi valuta hisobraqamlari va omonatlari ochish ham mumkin. Lekin unga qo‘yilgan valutadan 10 ming dollarlik limitini olish baribir muammo bo‘lishi mumkin.
Valuta faqat bank bo‘limlari kassasida berilishi belgilangan. Onlayn bank xizmatlari ko‘rsatuvchi Tinkoff-bank bankomatlardan omonat yechib olish mumkinligini aytib o‘tgan.
Bankda limitdan ortiq naqd valuta saqlaganlar uni faqat bir usulda tasarruf qilishlari mumkin bo‘ladi: rublga ayirboshlash. Avvalroq kiritilgan taqiqlarga ko‘ra, mamlakatdan bir turist 10 ming AQSh dollaridan ziyod valuta olib chiqib keta olmaydi. Xorijga o‘tkazmalar taqiqlangan, xorijda plastik kartadan naqd pul yechib ham bo‘lmaydi.
Rossiya OAVlarida yoritilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bu choralar aholining juda katta qismi uchun sezilmas bo‘ladi. Chunki valutada omonat qo‘ygan fuqarolarning 90 foizida omonat miqdori 10 ming AQSh dollaridan oshmaydi.
Rossiyada yangi valuta cheklovlari nimani anglatadi?
Iqtisodchi ekspert Otabek Bakirovning yozishicha, eng birinchi oqibat — Rossiyada valuta qora bozorning paydo bo‘lishi bo‘ladi. Chunki Rossiya banklarining ayriboshlash shoxobchalari valuta sotishni to‘xsa, uni faqat qo‘ldan sotib olish mumkin bo‘ladi.


















