O‘zbekiston | 15:59 / 11.03.2022
6303
3 daqiqa o‘qiladi

Innovatsion rivojlanish vazirligi ishi tubdan o‘zgartiriladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Yig‘ilishda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi viloyat hokimlari bilan birga yangi quvvatlarni joylashtirish, ularga sharoit yaratish va mahalliy korxonalar bilan kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tizimli ishlashga ko‘rsatma berildi.

“Ochiq aytish kerak, mahalliy sanoatimiz ilm va innovatsiyadan ajrab qolgani sababli ko‘plab korxonalar yangi raqobat sharoitiga moslashishi juda qiyin bo‘ladi”, dedi davlat rahbari.

Shuning uchun Innovatsion rivojlanish vazirligi ishini tubdan o‘zgartirishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi. Vazirlik hududlarda mahalliy sanoatni rivojlantirishda yangi texnologiyalar va amaliy yechimlar olib kirish bilan shug‘ullanishi zarur.

Bunda, vazirlik viloyat “loyiha guruhlari” bilan birga 2022 yilda yangi o‘zlashtiriladigan 644 ta mahsulotning (2,6 milliard dollarlik) texnologik yechimlari bilan shug‘ullanadi.

Sanoat tarmoqlari, yirik korxonalar bilan mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida “mahsulotbay” kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi. Bu borada Navoiy kombinati birinchi qadamlarni qo‘yayotgani ta’kidlandi.

Kombinat import mahsulotlar va ularga texnik talablar haqidagi ma’lumotlarni “kooperatsiya portali”ga joylashtirgani hisobiga, oldin import qilingan 600 mlrd so‘mlik mahsulotlar 18 ta mahalliy korxona tomonidan ishlab chiqarilmoqda.

Eng muhimi, ushbu 18 ta korxona so‘nggi 3 yilda kichik korxonadan o‘rta ishlab chiqaruvchilar toifasiga o‘tib, ish o‘rinlarini 10 baravarga oshirgan. Ushbu tajribani barcha tarmoq va hududlar yo‘lga qo‘yishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Bu borada 2022 yil uchun 4,4 trln so‘mlik kooperatsiya shartnomalari tuzish rejalari mutlaqo qoniqarsiz ekanligi ta’kidlandi. Buni 15 trln so‘mga yetkazish bo‘yicha barcha imkoniyatlar mavjud.

Shuning uchun 1 iyulga qadar jami 283 turdagi import qilinayotgan mahsulotlarni mahalliylashtirish bo‘yicha tayyor biznes-rejalarni tadbirkorlarga taklif etish vazifasi qo‘yildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid