O‘zbekiston | 13:26 / 17.03.2022
8266
2 daqiqa o‘qiladi

DXX kiberxavfsizlik sohasidagi vakolatli davlat organi sifatida belgilanmoqda

Foto: Getty Images

Senat yigirma to‘rtinchi yalpi majlisida “Kiberxavfsizlik to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Qonun 8 ta bob va 40 ta moddadan iborat bo‘lib, ularda qonunning maqsadi, vazifalari, asosiy tushunchalar, kiberjinoyatchilik oldini olish, unga qarshi kurashish prinsiplari, yo‘nalishlari, usullari, mas’ul davlat organi va vakolatlari, kiberxavfsizlik hodisalari bo‘yicha choralar ko‘rish hamda xalqaro hamkorlik masalalari nazarda tutilmoqda.

Qonunning maqsadi mamlakatda kiberxavfsizlik sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat bo‘lib, uning asosiy vazifalari kibermakonda shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini tashqi va ichki tahdidlardan himoya qilish hisoblanadi.

Qonunda kiberjinoyatchilik, kibertahdid, kiberxavfsizlik, kiberhimoya va kiberhujum kabi tushunchalar qo‘llanib, kiberxavfsizlikni ta’minlashning asosiy prinsiplari va bu sohadagi davlat siyosati asosiy yo‘nalishlari belgilanmoqda.

Davlat xavfsizlik xizmati kiberxavfsizlik sohasidagi vakolatli davlat organi etib belgilanib, uning huquqlari va majburiyatlari mustahkamlab qo‘yilmoqda.

Qonun bilan kiberxavfsizlik sub’yektlarining huquq va majburiyatlari, ularning kiberxavfsizlik talablariga muvofiqligi yuzasidan ekspertizadan majburiy tartibda yoki kiberxavfsizlik sub’yektlari tashabbusiga ko‘ra amalga oshirilishi belgilab berilmoqda.

“Qonunning qabul qilinishi, birinchidan, shaxs, jamiyat va davlatning xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi;

ikkinchidan, kiberxavfsizlikni davlat tomonidan tartibga solish, huquqiy, tashkiliy, ilmiy-texnik va me’yoriy uslubiy ta’minot tizimini takomillashtirishga, axborot tizimlari va resurslarining yaxlitligini ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shadi;

uchinchidan, ruxsatsiz harakatlar, axborotni yo‘q qilish, o‘zgartirish, buzish, nusxalash, bloklash va mamlakatning axborot tizimlari va tarmoqlariga noqonuniy aralashishning boshqa shakllari oldini olishga xizmat qiladi”, deyiladi Senat xabarida.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Mavzuga oid