Avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun yig‘im bekor qilindi
1 yanvardan avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun YHXBda undiriladigan yig‘imlar bekor qilindi. Hozirga qadar yangi avtomobil xarid qilinganda shartnoma narxining 3 foizi miqdorida yig‘im to‘lanardi.
2022 yil 1 yanvardan kuchga kirgan «2022 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonunda avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun yig‘im nazarda tutilmagan. Bundan kelib chiqadiki, 2022 yil davomida bunday yig‘im undirilmaydi.
Shu vaqtgacha yangi (foydalanishda bo‘lmagan) avtotransport vositalari bo‘yicha xarid qilish narxining 3 foizi miqdorida yig‘im undirilar edi (masalan, 100 million so‘mlik mashina uchun 3 million so‘m, 300 million so‘mlik bo‘lsa, 9 million so‘m).
Ikkilamchi bozordan mashina xarid qilinganda esa ishlab chiqarilgan yiliga qarab, har bir ot kuchi uchun 29,7 ming so‘mgacha yig‘im undirilgan. Masalan, ishlab chiqarilganiga 3 yil to‘lmagan 100 ot kuchiga teng mashinani sotib olganlik uchun deyarli 3 million so‘m yig‘im to‘lanardi.
Endi shu yig‘imlar 1 yanvardan to‘liq bekor qilindi.
Huquqshunos Xushnud Xudoyberdiyev notariusda to‘lanadigan davlat bojining yuqori stavkalari ham kamaytirilishi kutilayotganini yozdi.
«Agar kimdir mashina sotib olgan-u, lekin o‘z nomiga rasmiylashtirishdagi katta xarajatdan qochib, «generalnaya doverennost» olib haydab yurgan bo‘lsa, ular endilikda mashinalarini o‘z nomlariga o‘tkazib olishlari mumkin. To‘g‘ri, hozir notariusda to‘lanadigan davlat bojining yuqori stavkalari o‘z kuchida turibdi, ammo tez orada davlat bojlari ham kamaytirilishi kutilmoqda. Yanada aniqroq aytganda, mashinaning ot kuchi va yilidan qat’i nazar, bazaviy stavkaning 3 barobari (810 ming so‘m) etib belgilanishi rejalashtirilmoqda.
Quyidagi rasmda davlat bojining amaldagi stavkalari keltirilgan. Agar bu narxlar sizga ma’qul kelsa, unda tezda mashinangizni o‘z nomingizga o‘tkazib oling. Yoki bojlar ham kamaytirilishini kutib tursangiz bo‘ladi», deb yozadi u.
Iqtisodchi Otabek Bakirov «iste’molchilarga qarshi jazolovchi va monopolist» UzAuto Motors’ni qo‘llovchi tarzidagi bu yig‘im miqdori ba’zida eski avtomobillar narxining o‘zidan ham qimmat bo‘lib ketgani va o‘zbekistonliklarning avtomobil oldi-sotdisini rasmiylashtirishdan ko‘ra, ishonchnoma asosida bitim amalga oshirishdan o‘zga chorasi qolmaganini ta’kidladi.
Shuningdek, bu bo‘yicha Budjet kodeksiga kiritilgan tegishli o‘zgartirishlar hali ochiqlanmaganini eslatib o‘tdi.
«Avtomobil oldi-sotdi shartnomalarini YHXBdan ro‘yxatdan o‘tkazish uchun yig‘imlar bekor qilindi (ertagayoq YHXBga borishga sal shoshmay turing, bizga hujjat yetib kelmadi yoki Budjet kodeksiga o‘zgartirish kiritilmadi, deya paysalga solishlari mumkin). Xalq tomon yurish deya baholangan ushbu ezgu ish uchun kam sonli bo‘lsa-da, saylangan deputatlarga va budjet jarayoniga aloqador boshqa barcha xalqparvarlarga tashakkur bildirish kerak bo‘ladi», deb yozadi u.
Mavzuga oid
22:40 / 21.10.2024
Afg‘oniston o‘zbekistonlik haydovchilardan undiriladigan yig‘imlar miqdorini kamaytirdi
18:10 / 19.10.2024
Yolg‘iz keksalarga va nogironlarga shahar jamoat transportidan bepul foydalanish huquqi beriladi
11:12 / 23.05.2024
Ayrim qadoqlash materiallari va tovarlarga ekologik yig‘im joriy etilishi mumkin
09:58 / 14.03.2024