O‘zbekiston | 15:22 / 21.03.2022
11019
3 daqiqa o‘qiladi

Foto: Toshkentda Navro‘z bayrami tadbirlari bo‘lib o‘tdi

Toshkent shahridagi “Humo Arena” majmuasida 21 mart kuni Navro‘z bayrami shodiyonasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda prezident matbuot xizmati.

Tantanali tadbirda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, xalqni bayram bilan tabrikladi.

“Navro‘zda tabiatda ro‘y beradigan uyg‘onish va yangilanish yurtimizdagi o‘zgarishlarga uyg‘un. So‘nggi besh yilda Harakatlar strategiyasi asosida barcha sohalar rivojlantirildi, hududlar qiyofasi yangilandi. 

Bunday ishlarni davom ettirish maqsadida joriy yilda Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi hamda “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” dasturi qabul qilindi”, deyiladi rasmiy xabarda.

- Mehnatkash va olijanob xalqimiz milliy rivojlanishning yangi davriga ulug‘vor maqsad va amaliy ishlar bilan kirib bormoqda, - degan tadbirda davlat rahbari.

Prezident o‘z tabrigida Navro‘zning mohiyati, mamlakatdagi tinchlik-osoyishtalikning qadri haqida alohida to‘xtalgan.

- Navro‘zi olam bizni tabiat farzandi bo‘lib, vatan tuprog‘ini, ona zamindagi har bir giyohni, ko‘zimizga to‘tiyo qilib yashashga o‘rgatadi. Navro‘z hammamizga insoniylik, mehr-oqibat va bag‘rikenglik fanidan saboq beradi. Shu fayzli lahzalarda barchamiz tinchlik va osoyishtalik naqadar bebaho ne’mat ekanini, uning qadr-qimmati va ahamiyatini yaxshi anglaymiz. Bugungi murakkab dunyoda xalqimiz hayotini, farzandlarimiz kelajagini, musaffo osmonimizni asrab-avaylash uchun har birimiz mas’ul va javobgar ekanimizni yanada chuqurroq his etamiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari bayramda ishtirok etayotgan diplomatik korpus vakillarini, chet ellardagi vatandoshlarimizni ham tabriklagan.

Shuningdek, 22 mart kuni nishonlanadigan Mahalla kuni munosabati bilan ushbu tizim faollari, oqsoqollar, hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari qutlangan.

Ma’lum qilinishicha, bayram tadbiri konsert dasturi bilan davom ettirilgan.

Qayd etilishicha, prezident Shavkat Mirziyoyev Navro‘z saylida ham ishtirok etib, milliy madaniyat markazlari, folklor-etnografik jamoalar chiqishlarini kuzatgan.

“Prezidentimiz bayramga kelgan odamlar bilan suhbatlashib, ularni tabrikladi”, deya yakunlanadi rasmiy xabar.

Mavzuga oid