O‘zbekiston | 07:29 / 05.04.2022
3329
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda barcha yo‘llar piyodalar va haydovchilar uchun xavfsizligidan kelib chiqqan holda toifalarga ajratiladi

Foto: Kun.uz

Prezident “Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hududlarda yo‘l harakatini samarali tashkil etish holatini baholash va bu borada mahalliy hokimiyat organlari mas’uliyatini kuchaytirish maqsadida 2022 yil 1 iyuldan boshlab, respublikaning barcha tuman (shahar)lari kesimida “Xavfsiz yo‘l” indeksini yuritish amaliyoti yo‘lga qo‘yilsin.

Belgilanishicha:

  • indeks doirasida yo‘l infratuzilmasi va yo‘l harakati qoidalariga rioya qilinishining holati maxsus komissiyalar tomonidan 29 ta indikator bo‘yicha har chorak yakunida baholab boriladi;
  • tuman (shahar)lar indeks ko‘rsatkichlari asosida yo‘llarda harakat xavfsizligini tashkil etishning holati bo‘yicha “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratiladi;
  • indeksni yuritish vazifasi yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmalari zimmasiga yuklanadi.

Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda yetakchi ilmiy tashkilotlar, olimlar va mutaxassislarni jalb qilgan holda, indeksni yuritish metodologiyasi ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini ta’minlaydi.

Ichki ishlar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

yo‘l harakati xavfsizligini ishonchli ta’minlash, yo‘l-transport hodisalarining barvaqt oldini olish maqsadida “Umr tezlikdan muhimdir” va “Xavfsizlik kamari – hayot garovi” shiorlari ostida kompleks targ‘ibot va tashviqot ishlarini tashkil etadi;

bir oy muddatda quyidagilarni nazarda tutgan holda, o‘quvchilar orasida yo‘l harakati qoidalari targ‘ibotini kuchaytirishga qaratilgan hukumat qarori loyihasini kiritadi:

“Yo‘l harakati intizomi bolalikdan boshlanadi” shiori ostida maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari va maktab o‘quvchilariga yo‘llarda, chorrahalarda va piyodalar o‘tish joylarida harakatlanish asoslarini amaliy-ko‘rgazmali tarzda o‘rgatish, ularning ongiga bolaligidan boshlab yo‘l harakati intizomini singdirish;

maktablarda “Harakat xavfsizligi sinfxonalari”ni, mahallalarda “Yo‘l harakatini o‘rgatish maydonchalari”ni tashkil etish.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid