Ma’lum bo‘lishicha, mahalla ko‘chalari «Obod mahalla» dasturi asosida obodonlashtirilgan. Markaziy yo‘ldan ko‘rinib turgan qismida joylashgan ikki qavatli turar joy binolarining tomlari almashtirilgan, hovlida yoritish chiroqlari o‘rnatilgan. Yo‘laklar betonlangan.
Biroq mahallaning ko‘chadan ko‘rinmaydigan, ko‘zdan pana qismida ishlar o‘lda-jo‘lda amalga oshirilgan.

Tohir Mahmudovning ko‘rsatib berishicha, ko‘p qavatli uylardan birining tomi yopilmagan, tomi yopilgan yana birining esa yomg‘ir suvi ketadigan novlari oxirigacha o‘rnatilmagan. Tunda hovlini yorituvchi chiroqlar esa faqat katta ko‘chadan ko‘rinib turuvchi «dom»larning oldiga o‘rnatilgan.

Mahallada yashovchilarning aytishicha, ko‘p qavatli uyda yashashlariga qaramasdan, ularga tabiiy gaz ballonlarda yetkaziladi.
Ballondagi gaz ovqat pishirish uchun o‘z vaqtida yetkazilmoqda, biroq bahor, kuz va qishning sovuq kunlarida odamlar uylarida pechka yoqib, yoki elektr pechkani qo‘shib isinishadi.

Darhaqiqat tuman gaz ta’minoti idorasi ushbu hududdan bor-yo‘g‘i 300 metr narida joylashgan. Boz ustiga, poyezd yo‘lining narigi tomonidagi hovlilar gaz bilan ta’minlangan. Ko‘p qavatli uylarda ham bir paytlar montaj qilingan gaz quvurlari, gaz taqsimlash punkti hanuzgacha saqlanib turibdi. Biroq bir paytlar tabiiy gaz quvurda kelgan ko‘p qavatli uylar bugun gazga zor.


Shu mahallada ko‘p yillardan buyon istiqomat qiluvchi nuroniylardan Tolibjon Ergashevning aytishicha, bir paytlar ushbu ko‘p qavatli uyda yashovchilar uchun xizmat qilgan tashqaridagi hojatxonalar obodonlashtirish ishlari o‘tkazilishi asnosida buzib tashlangan. Yangisi qurib berilishi va’da qilingan, lekin va’da bajarilmagan.




















