Foto: Getty Images

Yakshanba kuni Ukraina bosh prokurori Irina Venediktova Kiyev oblastining ozod bo‘lgan hududlarida tinch aholi vakillari bo‘lgan 410 kishining jasadi aniqlangani haqida ma’lum qildi. Bu yakuniy raqam emasligi, qidirish va jasadlarni ko‘zdan kechirish jarayoni ma’lum vaqt olishi qayd etilgan.

Dushanba kuni Venediktova yaqin vaqtlargacha ruslar tomonidan ishg‘ol qilingan boshqa shaharlardagi zo‘ravonlik qurbonlari soni Buchadagidan ko‘proq bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. U Kiyevdan shimoli-g‘arbda joylashgan Borodyankdan qo‘rqinchli ma’lumotlar kelishi kutilayotganini ma’lum qilgan.

Inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar rossiyaliklar tashlab ketgan hududlarda ko‘plab qotilliklar, zo‘ravonliklar va boshqa og‘ir jinoyatlar sodir etilganini qayd etgan.

Rossiya tomoni Buchadan olingan kadrlarni feyk deb atamoqda. Ammo Rossiya tomoni keltirgan barcha argumentlar mutaxassislar tomonidan rad etilgan.

4 aprel kuni New York Times nashri mart oyi davomida sun’iy yo‘ldosh orqali olingan tasvirlarni e’lon qildi. Ularda aprel oyi boshida e’lon qilingan video va suratlarda aks etgan jasadlar mart oy o‘rtalarida ham xuddi o‘sha joylarda yotganini ko‘rish mumkin.

Buchada nima bo‘lgan?
Ukrainaga bosqinning dastlabki kunlarida Buchaga kelgan Rossiya tanklari va zirhli texnikalari karvoni ukrainalik harbiylar hujumiga uchradi va oldinga harakatlana olmadi. Rossiya harbiylari Ukraina poytaxti yaqinidagi ushbu hududda joylashishdi va bu yerda mart oyi oxiriga qadar qolishdi.

Buchada yakson etilgan rossiyaliklar kolonnasi. Foto: BBC/LEE DURANT

Tinch aholi vakillarining ko‘p qismi ushbu hududdan qochib ketishgan, ammo qolganlar ham bor edi. Ko‘p qavatli uylarning hovlilarida ular gulxanlar yoqib, ovqat pishirib kun kechirishdi, chunki shaharda gaz, elektr va ichimlik suvi yo‘q edi.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, rossiyalik harbiylar erkaklar shaharni gumanitar yo‘laklar orqali tark etishiga yo‘l qo‘ymagan, shunga qaramay ketmoqchi bo‘lganlar esa, otib tashlangan.

Rossiya harbiylari ketgach, shaharga kirgan reportyorlar va rasmiylar ko‘chalardan birida kamida 20 nafar erkak jasadini uchratishgan. Ularning ko‘pchiligida og‘ir jarohat izlari bo‘lgan, ayrimlarning yuziga qarata o‘q uzilgan. Ayrim jasadlar ustidan tank yurib o‘tgan.