«Manchester Siti» Chempionlar ligasi 1/4 finalida «Atletiko»ga qarshi uy uchrashuvida minimal hisobda g‘alaba qozondi.
Manchester Siti — Atletiko 1:0
Gol: de Bryuyne (70).
Manchester Siti – Ederson, Kanselu, Stounz, Laport, Ake, Gundo‘g‘an (Grilish, 68), de Bryuyne, Rodri, Silva, Sterling (Jyezus, 68), Mahrez (Foden, 68).
Atletiko – Oblak, Vrsalko, Savich, Felipe, Reynildu, Lodi, Koke (de Paul, 60), Kondogbia, Lorente (Kunya, 60), Grizmann (Korrea, 60), Felish (Lemar, 81).
Ogohlantirishlar: de Paul (69), Korrea (83), Jyezus (85), Vrsalko (90+2), Ederson (90+2).
Xosep Gvardiola va Diyego Simeone jamoasi o‘yini – turlicha futbol falsafalari to‘qnashuvi. Tabiiyki, Manchesterdagi ilk o‘yin oldidan Pepdan argentinalik mutaxassisning «antifutboli» haqida so‘rashdi. Kataloniyalik mutaxassis hamkasbini tanqid qilishni istamadi: «Men bu ahmoqona bahsga bir sekund ham sarflamayman. Hamma g‘alaba qozonishga harakat qiladi. Agar ular yengishsa, ular haq bo‘lib chiqadi. Agar biz g‘alaba qozonsak, biz haqmiz. Futbolchilar hal qilishadi. Biz ham natijaga erishish uchun shunday o‘yin ko‘rsatishimizga to‘g‘ri kelgan. Bu futbolning bir qismi. Men ularning uslubini tanqid qilmayman, balki qanday yaxshi natijaga erishish uchun tahlil qilaman. Chiroyli bo‘lmagan o‘yin nima degani? Mening jamoam «Old Trafford»da 1:0 hisobida g‘alaba qozondi va Bernardu Silva burchak zarbasi ijro etishga besh daqiqa sarfladi. Bu chiroyli holat emas, bu hisobni saqlash. Men hech qachon raqibni qilayotgan ishlari uchun tanqid qilmayman».
«Atletiko» — Yevropadagi eng himoyaviy o‘yin ko‘rsatuvchi top-klub hisoblanadi. Diyego Simeone o‘n yildan ortiq vaqt mobaynida madridliklarni boshqarib, bu yerda ideal ishlovchi tizim qurgan. Uni bunday o‘yin uchun yoqtirmasliklari mumkin — ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab muxlislar tanqid qilishadi — ammo bu strategiya samara berib kelmoqda.
Sayyoraning eng kuchli jamoalaridan birini safarda qanday yutish yoki hech bo‘lmaganda ochko olish mumkin? Simeone retsepti: ochiqchasiga avtobus qo‘yish. Argentinalik mutaxassis bundan hech qachon uyalmaydi va boshqalarning fikri uni tashvishga solmaydi, u bu o‘yinda ham faqat o‘zi va jamoasi natijasi haqida o‘yladi.
O‘yin chindan ham xuddi «Siti» 12 kishi bo‘lib o‘ynayotgandek tasavvur uyg‘otdi. «Atletiko» 5-5-0 sxemasida joylashdi. Bu mubolag‘a emas: birinchi bo‘limda (aniqrog‘i bo‘limning to‘rtdan uch qismida) to‘psiz holatda Grizmann va Joau Felish qanotlarda o‘ynadi. «Atletiko» ikki nominal hujumchi bilan maydonga chiqqan bo‘lsa-da, amalda ular mudofaa doktrinasining bir qismiga aylanishdi.


















