«Qirollik klubi» hujumchisi Chempionlar ligasida qatorasiga ikkinchi o‘yinda uch gol urmoqda. Madridliklar yarimfinal uchun jiddiy qadam tashladi.
Chelsi — Real 1:3
Gollar: Haverts (40) — Benzema (21, 24, 46).
Chelsi – Mendi, Jyeyms, Silva, Ryudiger, Kristensen (Kovachich, 46), Aspilikueta, Jorjino (Loftus-Chik, 64), Kante (Ziyosh, 46), Pulishich (Lukaku, 64), Maunt, Haverts.
Real – Kurtua, Karvaxal, Alaba, Militao (Nacho, 64), Mendi, Modrich, Kroos (Kamavinga, 74), Kazemiro, Valverde (Sebalos, 86), Benzema (Beyl, 86), Vinisius Junior.
Ogohlantirishlar: Militao (14), Ryudiger (19).
YeChLning amaldagi g‘olibi va turnirda eng ko‘p g‘olib bo‘lgan klub uchrashuvi muxlislarga chiroyli o‘yin tuhfa etishi shart edi. Va muxlislar birinchi bo‘limdayoq kutilgan hissiyotlarga ega bo‘lishdi.
Albatta, o‘yinning asosiy qahramoni — Benzema. «Real» forvardi fenomenal mavsum o‘tkazmoqda: u madridliklarning 36 o‘yinida 37 gol urib ulgurdi va 34 yoshli fransuzni pensiyaga chiqarishga shoshilganlarning barchasining ovozini yopmoqda. Boshqa tomondan «Oltin to‘p»ni Messiga topshirganlarning ustidan kulmoqda.
O‘yindan oldin «Chelsi» bosh murabbiyi Tomas Tuxel «Real» hujumchisining o‘yinidan hayratlanishini yashirmadi. U Benzemani aynan ko‘p yillar mobaynida yuqori darajasini saqlab qolgani uchun maqtadi. Londonliklarda esa Drogbadan keyin u kabi saviyada va barqaror futbol namoysh etgan hujumchi bo‘lmagan. Bu mavsumda ham ko‘klarda markaziy hujumchi muammosi mavjud: jamoa Lukaku qiyofasida to‘purar hujumchiga ega bo‘lgandek edi, ammo u ishonchni oqlamadi va asli yarimhimoyachi bo‘lgan Havers «to‘qqizlik» rolini bajarmoqda.
Ammo u baribir Benzema bo‘la olmaydi. Fransuz futbolchisi top-uchrashuvlar taqdirini o‘zi hal qila oladi. Aynan u «PSJ»ga qarshi murakkab o‘yinda 17 daqiqada het-trik qayd etib vaziyatni o‘zgartirgandi, usiz «Real» Madridda «Barselona»ga 0:4 hisobida mag‘lub bo‘ldi. «Stemford Brij»dagi chorakfinal o‘yinida maydonga tushdi — va yana uch gol. Chempionlar ligasi pley-offida top-klublarga qarshi ikki o‘yinda olti gol — bunaqasiga muxlislar anchadan buyon guvoh bo‘lishmagandi.
Shu bilan birga Benzemaning porlashi ko‘zni qamashtirmasligi kerak: uning gollari — «Chelsi» futbolchilarining qo‘pol xatolari natijasi bo‘ldi. Londonliklar mudofaasi hatto Angliyada ham eng umidli himoyalar qatorida tilga olinmay qo‘ygan: o‘tgan shanbada ko‘klar o‘z uyida «Brentford»ga 1:4 hisobida yutqazishdi, barcha gollar markaziy hududdan o‘tkazildi. Tuxel jamoasi ikkinchi bo‘limda uch markaziy himoyachi bilan o‘ynay boshladi va to‘rt gol qo‘yib yubordi. Germaniyalik mutaxassis YeChL o‘yinida ilk daqiqalardanoq shu sxemani tanladi, ammo bu himoyada qo‘pol xatolardan saqlay olmadi. Kristensen va Tiagu Silva birgalikda Vinisiusning uzatmasini yopishga chopishdi va Benzemani himoyasiz qoldirib, u hisobni ochishiga yo‘l qo‘yishdi. Ikkinchi golda ham shunga o‘xshash vaziyat: Modrich to‘pni darvozabon hududiga uzatib berdi, Silva Benzemani yopa olmadi, Kristensen esa negadir to‘p uzatilayotgan nuqtadan o‘zini olib qochdi. Yozda «Barselona»ga o‘tishi kutilayotgan daniyalik himoyachining madridliklarga qarshi o‘yinidan kataloniyaliklar hayratda emasligi aniq.
















