Zelenskiy: Buchadagi hodisalar - genotsid

Seshanba kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya bosqini boshlanganidan buyon ilk bor BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida chiqish qildi. Ukraina prezidenti so‘zlariga ko‘ra, rossiyalik askarlar odamlarni ko‘chalarda ham, uylarida ham otgan, jasadlarni quduqqa tashlagan, «shunchaki ko‘ngilxushlik uchun» yo‘l o‘rtasida tank bilan bosib o‘tgan.

U rossiyalik harbiylarning harakatlari terrorchilarnikidan qolishmasligi haqidagi gaplarini takrorlab, farqi Rossiya BMT Xavfsizlik kengashiga a’zoligida ekanini ta’kidlagan. Zelenskiy Rossiyaning BMTdagi rolini shubha ostiga olib, Rossiya bosqini butun global xavfsizlik tuzilmasiga putur yetkazganini qayd etgan.

Avvalroq Ukraina nashrlariga bergan intervyusida ham Zelenskiy Buchadagi hodisani genotsidga tenglashtirgandi: «Biz bu genotsid ekaniga, ular hammasi uchun jazolanishi kerakligiga ishonamiz». Ikki tomonlama muloqot haqida gapirar ekan, Zelenskiy Putin bilan uchrashuv bo‘lmasligi mumkinligini aytdi. Ammo uning fikricha, Buchada sodir bo‘lgan voqealarga qaramay, Ukraina muzokaralarni davom ettirishi kerak. «Ushbu pozitsiya bilan birga uchrashuv imkoniyatini topish, uchrashuvda vaziyatdan chiqish yo‘lini topish kerak va bu yo‘lda hududlarimiz boy berilmasligi zarur deb hisoblaymiz», degandi Zelenskiy. U barcha harbiy jinoyatchilar jazolanishini va’da qildi.

Zelenskiy shuningdek mamlakat shimolidan ketgan rossiyalik harbiylar tomonidan sodir etilgan yanada dahshatli jinoyatlarga duch kelinishi mumkinligidan ogohlantirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyevdan shimoldagi hududlarda natsistlar bosqinidan buyon kuzatilmagan ishlar bo‘lib o‘tgan.

Buchalik 57 yoshli Tatyana Nedashkivskaya rossiyalik harbiylar tomonidan qiynoqqa solingan va o‘ldirilgan eriga aza tutmoqda
ANADOLU AGENCY

Zelenskiyning hisoblashicha, Borodyanka shahri boshqalaridan ko‘ra ko‘proq jabrlangan bo‘lishi mumkin.

Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba esa Varshavadagi matbuot anjumanida Bucha - «aysbergning uchi» ekanini aytdi va Rossiyaga qarshi qat’iy sanksiyalar qo‘llashni talab etdi.

«Biz so‘nggi haftalarda guvoh bo‘lgan ishlar Rossiya vahshiyliklar va ommaviy qotilliklar sodir etishda terrorchilardan yomonroq ekanini ko‘rsatadi», degan u BBC uchun bergan intervyusida.