Mashhur shokoladli tuxumlar hamda Schoko-Bons konfetlari peshtaxtalardan olinmoqda.
Hozirda Yevropada Kinder mahsulotlari bilan bog‘liq deb taxmin qilingan 100dan ortiq salmonellyoz kasalligiga chalinish holatlari qayd etilgan.
Aksariyat kasallanish holatlari o‘n yoshgacha bo‘lgan bolalarda kuzatilgan.
Ferrero kompaniyasi Fransiya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Shvetsiya va Niderlandiyadagi do‘konlarda sotilayotgan Kinder mahsulotlarini qaytarib olishini ma’lum qilgan.
Kun.uz O‘zbekistonda Kinder shokoladlari bilan bog‘liq salmonellyoz kasalligiga chalinish holatlari kuzatilgani yoki yo‘qligini aniqlash uchun Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati matbuot kotibi Maftuna Saidova bilan bog‘landi.
Maftuna Saidovaning qayd etishicha, O‘zbekistonda Kinder shokoladlari bilan bog‘liq salmonellyoz kasalligi holatlari bo‘yicha ma’lumot yo‘q. Kasallik aniqlanishi uchun laboratoriyada mahsulotlar tekshirilishi kerak, tekshiruv olib borilishi uchun esa murojaatlar kelib tushmagan.
Salmonellyoz – ichak traktiga ta’sir qiluvchi keng tarqalgan bakterial kasallik. Bu bakteriyalar odamlar va hayvonlarning ichaklarida yashaydi. Ko‘pincha ifloslangan suv va oziq-ovqat orqali yuqadi.










