O‘zbekiston | 07:33 / 09.04.2022
5037
3 daqiqa o‘qiladi

1 iyuldan boshlab bojxona bojlari bo‘yicha imtiyozlar faqat O‘zbekiston qonunlari bilan beriladi

Foto: Kun.uz

Prezident “Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy o‘sish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Tadbirkorlik sub’yektlari uchun teng raqobat sharoitlarini yaratish, shuningdek, soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlarni taqdim etishni tartibga solish maqsadida:

a) 2022 yil 1 maydan boshlab:

tadbirkorlik sub’yektlariga teng sharoitlarni yaratish uchun cheklangan sub’yektlarga tatbiq etilayotgan soliq va bojxona imtiyozlari 2-ilovaga muvofiq tarmoqlardagi barcha sub’yektlar uchun tatbiq etiladi;

O‘zbekiston xalqaro shartnomalari bo‘yicha 2020 yil 1 iyulga qadar ma’qullangan va O‘zbekiston tijorat banklari orqali qayta moliyalashtiriladigan yoki qayta kreditlanadigan xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining mablag‘lari (qarzlari, kreditlari) hisobidan olinadigan tovarlar (xizmatlar) bo‘yicha soliq va bojxona imtiyozlari bekor qilinadi. Mazkur norma tijorat banklari va tadbirkorlik sub’yektlari o‘rtasida yangi tuziladigan bitimlar (rasmiylashtirish shakli va usulidan qat’i nazar) asosida olinadigan tovarlarga (xizmatlarga) tatbiq etiladi;

b) ayrim soliqlar va bojxona imtiyozlari 3-ilovaga muvofiq bosqichma-bosqich bekor qilinadi;

v) Vazirlar Mahkamasi xatlov natijasiga ko‘ra aniqlangan O‘zbekiston prezidenti va hukumati tomonidan taqdim etilgan ayrim soliqlar va bojxona imtiyozlarining amal qilishini davom ettirish zaruriyatini tanqidiy qayta ko‘rib chiqib, 2022 yil 1 avgustga qadar ularni bekor qilish yuzasidan taklif kiritadi;

g) 2022 yil 1 iyuldan boshlab:

bojxona bojlari bo‘yicha imtiyozlar faqatgina O‘zbekiston qonunlari bilan beriladi. Bunda, Tarif va notarif tartibga solish kengashi xulosasi olinishi majburiy hisoblanadi;

tarmoq vazirlik va idoralari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari sohani va (yoki) hududni rivojlantirish uchun berilgan alohida soliq va bojxona imtiyozlari samaradorligi to‘g‘risidagi hisobotlarni yil yakunlari bo‘yicha har yili 1 martga qadar Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasiga taqdim etib boradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid