Atletiko — Manchester Siti 0:0
Atletiko – Oblak, Savich, Felipe, Reynildu, Lodi (Korrea, 70), Lemar (Suares, 82), Koke (de Paul, 69), Kondogbia, Lorente, Grizmann (Karrasko, 69), Felish (Mateus Kunya, 82).
Manchester Siti – Ederson, Uoker (Ake, 73), Stounz, Laport, Kanselu, Gundo‘g‘an, de Bryuyne (Sterling, 65), Rodri, Silva (Fernandino, 79), Foden, Mahrez.
Ogohlantirishlar: Felipe (24), Lorente (80), Rodri (85), Savich (90+1), Ake (90+1), Mahrez (90+5), Foden (90+7), Kanselu (90+7).
Chetlatish: Felipe, 90+1’ (ikkinchi s.k).
Birinchi o‘yin — 0:1.
Endi 5-5-0 emas
Manchesterdagi birinchi o‘yin «Atletiko» futbol falsafasi haqidagi munozaralarni jonlantirgandi. Bu yangi mavzu emas: Diyego Simeoneni ko‘pchilik u top-klubga qarshi o‘yinda haddan tashqari himoyaviy o‘yin ko‘rsatib, tomoshaboplikni o‘ldirishi uchun yoqtirishmaydi. Lekin unutmaslik kerakki, argentinalik murabbiy Madridda kuchli jamoa shakllantirgan.
Ammo Manchesterda Simeone hatto o‘z standartlaridan ham oshib tushdi. O‘yinning katta qismini «Atletiko» 5-5-0 sxemasida himoyalanib o‘tkazdi, bu haqda Pep Gvardiola matbuot anjumanida ham alohida qayd etdi. «MS» murabbiyi hech bo‘lmasa bir gol urib olishganidan xursand ekanini aytdi.
Shubhasiz, «Siti» — sayyoraning eng kuchli jamoalaridan biri va bu jamoaga qarshi ochiq futbol namoyish etish qiyin. Ammo «Atletiko» o‘shanda umuman gol urishga urinmadi — UYeFA rasmiy statistikasiga ko‘ra, 90 daqiqa davomida «matraschilar» darvoza tomon biror marta zarba berishmagan. Bunaqasi Simeonening klub boshqaruvidagi erasida ilk bor ro‘y berishi edi.
Yuqori pressing, ammo foydasiz
Gvardiola safarda «Atletiko»dan tajovuzkor o‘yin kutgani aniq. Qolaversa, 1/8 finalda ispanlar o‘z maydonida «MYu»ga qarshi hujumkor o‘yin namoyish etgandi. Simeone chindan ham dadilroq o‘yin ko‘rsatdi — hech bo‘lmaganda, himoyalanish vaqtida uning jamoasi 5-4-1 emas, 5-3-2 taktikasida joylashdi.
«Atletiko» oldinroqda va intensiv pressing uyushtirdi. Angliyada madridliklar butun jamoa bo‘ylab ortda joylashgan va «Siti» futbolchilarini maydonning ikkinchi qismida qarshi olishga intilmagan bo‘lsa, endi Joau Felish raqibga ancha oldinroqda bosim o‘tkazdi. Ammo bu yetarli emasdi: Renan Lodi, Lorente va ayniqsa Grizmann ham pressingda ishtirok etishdi, ammo buni faqat «Atletiko» o‘lchovlarida agressiv deyish mumkin edi. «Siti» APL o‘yinlarining yarmidan ortig‘ida bundan kuchliroq va oldinroqdagi pressingga duch keladi.





















