18-22 aprel kunlari Toshkentda Tashkent International Animation Forum (TIAF) bo‘lib o‘tadi. Animatsion forum O‘zbekiston Kinematografiya agentligi tashabbusi bilan Shveytsariya va Isroilning O‘zbekistondagi elchixonalari, Toshkentdagi Gyote instituti, Bazelevs kinokompaniyasi, Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi, O‘zbekiston Milliy kinofondi hamda "DRF" community independent filmmakers of Uzbekistan” kinostudiyasi hamkorligida tashkil etildi.

Birinchi kuni soat 10:00da Kinochilar uyida Tashkent International Animation Forum (TIAF) boshlanishi oldidan OAV vakillari, mutaxassislar, ijodkorlar va yoshlar uchun matbuot anjumani o‘tkaziladi. Mazkur anjumanda ishtirokchilar uchun forum dasturi taqdim etiladi.
Soat 11:00da forumning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. Unda barcha mehmonlar kutib olinib, bolajonlar uchun bayramona konsert dasturi taqdim etiladi. Shuningdek, konsertdan dunyoga mashhur multik qahramonlar ishtirokida raqslar va musiqali namoyishlar o‘rin olgan.

Soat 15:00da Animatsiya san’ati bo‘yicha vorkshop bo‘lib o‘tadi. Maxsus vorkshopda tajribali mutaxassislar tomonidan mahorat darslari, animatsion dasturlar haqida ma’lumotlar va boshqa qiziqarli davra suhbatlari o‘tkaziladi.

Forumda Germaniya, Gruziya, Isroil, Ozarboyjon, Tojikiston, Rossiya, Ukraina, Chexiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston davlatlaridan animatsiya mutaxassislari, shu bilan bir qatorda o‘zbek animatorlari va “Aqlvoy”, “Bolajon” telekanallaridan vakillar ishtirok etadi.
Forum doirasida mohir animatorlar tomonidan taqdimotlar, mahorat darslari, master-klasslar, ijodiy uchrashuvlar va shu kabi qator tadbirlar o‘tkaziladi. Jumladan, 10ga yaqin davlatdan tashrif buyurgan animatsiya sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar tomonidan seminar-treninglar bo‘lib o‘tadi.

Forumning e’tiborli jihati, unda chet eldan etalon negativlari qaytarilgan o‘zbek multfilmlari ilk bor keng jamoatchilikka namoyish etiladi. Shuningdek, "Yoshlik" studiyasining "Zumrasha" hajviy jurnalining yangi soni taqdimoti hamda xorij animatorlari tomonidan yaratilgan eng yaxshi multfilmlar kichik tomoshabinlar e’tiboriga taqdim qilinadi. Ushbu forum doirasida viloyatlar bo‘ylab ham tadbirlar tashkil etiladi. Bolajonlar uchun turli xil mavzularda multfilmlar namoyish etilishi bilan birga, master-klasslar o‘tkaziladi.















