Tahlilchilarning hisoblashicha, Ukraina armiyasining eng yaxshi bo‘linmalari sharqda, Rossiya hujumini qaytarish uchun tayyorlangan pozitsiyalarni egallab turibdi.

Shu vaqtgacha ukrain harbiylari Rossiya armiyasi yurishlariga qattiq qarshilik ko‘rsatib kelmoqda, ammo rossiyalik harbiylar asta-sekinlik bilan ilgarilagan va ayrim hududlarda ular son jihatdan Ukraina qurolli kuchlaridan jiddiy ustunlikka ega bo‘lishi mumkin.

Muhim janglar qayerda bo‘lib o‘tadi?
Rossiya rasmiy shaxslari endilikda bor e’tibor Donbassni - Ukrainaning sharqdagi viloyatlari Lugansk va Donetskni «to‘liq ozod etish»ga qaratilishini ta’kidlab keladi.

Lekin Ukraina sharqidagi hududlar relefi rossiyalik harbiylarning oldinga siljishi uchun qator muammolar tug‘dirishi mumkin.

Mamlakat shimoli bilan solishtirganda bu hududning katta qismini o‘rmonzorlar tashkil etadi va tahlilchilar bu omil Ukraina kuchlariga qo‘shimcha yordam berishi mumkinligini tusmol qilishmoqda.

Urushlarni o‘rganish institutiga ko‘ra, katta ehtimol bilan Slavyansk uchun janglar urushning keyingi eng muhim bosqichi bo‘ladi.

Agar shimoldan Izyum tomondan kelayotgan rossiyalik harbiylar shaharni egallay olishsa, ular sharqqa tomon harakatlanishi va Ukraina harbiylarining kichik guruhini o‘rab olishi yoki janubga yurishda davom etib, Ukraina armiyasining katta kontingentini qurshovga olishga harakat qilishi mumkin.

Agar Mariupol qulasa, Rossiya qamaldan bo‘shagan kuchlarini shimolga, Donetskdan g‘arbdagi hududga yuborish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ukraina armiyasi qanday tayyorlanmoqda?

Xalqaro strategik tadqiqotlar institutidan iste’fodagi brigada generali Ben Barrining fikricha, Ukraina qurolli kuchlarida mudofaaga tayyorlanish uchun yillar bo‘lgan va Rossiya kuchlariga ularni pozitsiyalaridan chekintirish oson kechmaydi.

«Ukraina tomoni nafaqat Birinchi jahon urushi namunasidagi xandaqlarga ega, balki ular himoyalanadigan muhim shahar va qishloqlar ham mustahkamlangan», deydi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ukrain zirhli texnikalari va artilleriyalari oldindan tayyorlangan yer ostidagi pana joylarga yashirilgan.