15 aprel, juma kuni Isroil politsiyasi Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidida yana bir bor falastinliklarga hujum qildi va notinchliklar hamon barham topgani yo‘q.
Mana 70 yildirki, o‘n minglab insonlarning qurbon bo‘lishiga olib kelgan bu nizo goh susayib, goh avj oladi, ammo hech qachon butkul to‘xtamaydi.
AQSh, Rossiya, BMT har doimgidek tashvish bildiradi, maslahatlashuvlar o‘tkazadi, ammo Isroil va Falastin o‘rtasidagi mojaroga barham berilmaydi.
Kun.uz muxbiri Falastin-Isroil urushi atrofidagi savollar bilan siyosiy fanlar doktori, professor Muhammadolim Muhammadsiddiqovga yuzlandi.
— Muhammadolim aka, ikki xalq nega bir-birini bunchalik yomon ko‘radi? Nima uchun butun dunyo bu nizoning barchani qanoatlantiradigan yechimini topolmaydi? Nega bu ikki xalq maydoni 25 ming kvadrat kilometr bo‘lgan, quyosh nuridan jizg‘anak yerni talashib kelmoqda? Masala faqat diniymi yo boshqa sabablar ham bormi?
— Bu chindan ham bugungi kunning eng muhim va hassos masalalaridan biri.

Qur’oni karimdagi «Isro» surasida keltirilishicha, payg‘ambarimiz alayhissalom Yaratganning irodasi va farishta Jabroil (a..s.)ning ko‘magida bir kechada Makkadan Quddusga borib, Al-Aqsoni ziyorat qiladilar. Keyin Buroq otida yetti qat falakka ko‘tariladi. Jannat va do‘zax manzaralari, u yerda hayoti dunyoda qilgan amallari uchun jazo yoki mukofotga sazovor bo‘lgan bandalarning ahvoli bilan tanishadilar.
Alloh taolo mana shu kechada bandalariga namozni farz qiladi. Shundan kelib chiqqan holda musulmon olamida bu masjidning muqaddasligiga alohida urg‘u beriladi.
Ikkinchidan, payg‘ambarimiz alayhissalomning yana bir hadisi borki, unga ko‘ra, uchta – Masjidul Harom, Masjidul Nabaviy va Masjidul Aqsoga niyat qilib boriladi. Bu masjidlarda o‘qilgan namozlar savobi bo‘yicha ham turli ma’lumotlar bor.
Uchinchidan, payg‘ambarimiz alayhissalomga ilk oyatlar nozil bo‘lganda, namozni hozirgi Al-Aqsoga – Quddusga qarab o‘qish buyuriladi.
Musulmonlar uchun Al-Aqsoning muqaddasligi shundan.

















