O‘zbekiston | 08:40 / 29.04.2022
12694
3 daqiqa o‘qiladi

1 iyuldan fuqarolarga ayrim yovvoyi yirtqich va zaharli hayvonlarni saqlash taqiqlanadi

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Vazirlar Mahkamasining “Yovvoyi hayvonlarni saqlash va ulardan foydalanish tartibini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

O‘zbekiston qonunchilik hujjatlariga muvofiq:

  • ommaviy tadbirga hayvonlar bilan kelish (ommaviy tadbir dasturiga muvofiq ulardan foydalanish bundan mustasno) taqiqlangan;
  • yovvoyi hayvonlarni (bedanadan tashqari) umumiy mulk hisoblangan ko‘p kvartirali uylar zinapoya maydonchalari, cherdaklari, yerto‘lalari, dahlizlari, shuningdek, umumiy ovqatlanish va savdo joylarida saqlash taqiqlangan;
  • yovvoyi hayvonlar egalari zimmasiga ushbu hayvonlarning notinchlik keltirib chiqarmaydigan va atrofdagilarga xavf tug‘dirmaydigan xatti-harakatini ta’minlash, fuqarolar hayoti, sog‘lig‘i va mulkiga zarar yetkazilishi oldini olish majburiyati yuklatilgan.

2022 yil 1 iyuldan e’tiboran Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatga muvofiq yovvoyi yirtqich va zaharli hayvonlarni saqlash hamda foydalanish taqiqlanadi.

Bunda:

  • nazarda tutilgan cheklovlar yovvoyi yirtqich va zaharli hayvonlarni ro‘yxatdan o‘tgan hayvonot bog‘lari, terrariumlar, sirklar, okeanariylar, delfinariylar va tabiiy pitomniklar, shuningdek, ilmiy va o‘quv maqsadlari uchun ilmiy va ta’lim tashkilotlari tomonidan saqlash va foydalanishga nisbatan tatbiq etilmaydi;
  • saqlanishi va foydalanishi taqiqlanmagan yovvoyi hayvonlarni saqlash jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ruxsatnomalarsiz ularni saqlash talablariga rioya etgan holda, shuningdek, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan belgilangan hollarda yovvoyi hayvonlarni saqlash va urchitish bo‘yicha pitomnik, zoologiya kolleksiyalari hisobga qo‘yilgani to‘g‘risidagi guvohnoma asosida amalga oshiriladi.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi quyidagilarni nazarda tutuvchi qonun loyihasini belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritadi:

  • “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunga jismoniy shaxslar tomonidan yovvoyi yirtqich va zaharli hayvonlarni saqlash hamda foydalanishni taqiqlash;
  • “Lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunga yovvoyi hayvonlarni urchitish, takror ko‘paytirish, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, ta’lim, namoyish qilish, tijorat maqsadlarida yarim erkin sharoitlarda, sun’iy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlash bo‘yicha faoliyatni faqatgina yuridik shaxslar tomonidan ruxsatnoma asosida amalga oshirish.
Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid