17:18 / 30.04.2022
22751

To‘qayev konstitutsiyani o‘zgartirib, Qozog‘istonda «ikkinchi respublika» tuzishni taklif qildi

Qozog‘iston prezidenti mamlakat konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendum o‘tkazishni taklif qildi. O‘zgartirishlar asosiy qonuning uchdan bir qismiga taalluqli bo‘ladi va yangi «davlat modeli»ga olib keladi.

Foto: akorda.kz

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Qozog‘iston xalqlari assambleyasi sessiyasida mamlakat konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kitishni taklif qildi.

Oqo‘rda rasmiy saytining keltirishicha, To‘qayev Qozog‘iston hayotning barcha jabhalarida qat’iy o‘zgarishlar yo‘liga tushganini ta’kidlagan. Shu sababli mamlakat siyosiy hayotini o‘zgartiruvchi fundamental xarakterga konstitutsiyani o‘zgartirishlar kiritish zaruriyati paydo bo‘lgan.

«Biz yangi davlat modeli, davlat va jamiyatning o‘zaro hamkorligining yangi modeliga o‘tmoqchimiz. Bu sifatli o‘tishni ikkinchi respublika deb atash mumkin. Ishchi guruh tomonidan asosiy qonunning 33 ta moddasiga o‘zgartirishlar tayyorlangan, bu esa konstitutsiyaning uchdan bir qismini tashkil etadi», — degan To‘qayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tegishli qonun loyihasi allaqachon Konstitutsiya kengashiga kiritilgan.

Qosim-Jo‘mart To‘qayevning aytishicha, referendum har bir fuqaroga «mamlakat taqdirini hal qilishdan bevosita ishtirok etish hamda Yangi Qozog‘istonni qurish va har tomonlama demokratiyalashtirish tomon yo‘lni mustahkamlash» imkonini beradi. To‘qayev mamlakatda konstitutsiyaga so‘nggi marta o‘zgartirishlar 1995 yilda, amaldagi konstitutsiya tasdiqlangan paytda kiritilganini eslatib o‘tdi.

«Shundan so‘ng «Respublika referendumi to‘g‘risida»gi konstitutsion qonun qabul qilindi, biroq u biror marta amaliyotda ishlatilmadi. Konstitutsiyani umumxalq ovoz berish yo‘li bilan o‘zgartirish xalqning xohish istaklarini bildirishning yaqqol namoyishi bo‘ladi», — degan To‘qayev.

Qozog‘iston tarixida ikki bor referendum o‘tkazilgan. Birinchisi 1995 yilning 29 aprelida o‘tkazilgan va Qozog‘iston prezidenti vakolatlari muddatini uzaytirishga bag‘ishlangan. 1995 yilning 30 avgustida o‘tkazilgan ikkinchi referendum mavzusi Qozog‘iston konstitutsiyasi loyihasi bo‘lgan.

Avvalroq Qosim-Jo‘mart To‘qayev konstitutsiyaga kiritiladigan o‘zgartirishlar parlament hamda maslahatlar (mahalliy vakillik organlari) vakolatini kuchaytirishga qaratilganini ta’kidlagan edi.

Mart oyida mamlakatga yo‘llagan murojaatnomasida To‘qayev Qozog‘iston tarkibida uchta yangi hudud — Abay, Ulutov va Jyetisuv oblastlari tashkil etilishini ta’kidlagan edi. Ayni paytda Qozog‘iston tarkibida 14 ta oblast, respublikaga bo‘ysunadigan, alohida ma’muriy birlik hisoblanadigan uchta shahar bor: Nursulton, Almati va Chimkent.

Top