“Buvim endi koʻrmaydi...”

“80 yoshni qarshilayotgan buvimning chap koʻzi xiralashib qolgan edi. Viloyat markazidagi shifoxonaga olib kelsak, mutaxassislar holatni koʻrib, koʻzga sunʼiy gavhar qoʻyish kerakligini aytishdi. Jarrohlik yoʻli bilan koʻzga gavhar qoʻyildi. Operatsiyadan bir kun oʻtib buvimning ahvoli yomonlasha boshladi. Koʻziga toshmalar toshdi, shish hosil boʻlib, yiring oqaverdi. Operatsiya qilgan shifokor Oybek Akbaraliyevichga qoʻngʻiroq qilib, vaziyat haqida xabar berdik. U bemorni zudlik bilan shifoxonaga olib kelish kerakligini aytdi. Shundoq ham azoblanib turgan buvimni yana markazga olib keldik.

1

Shifoxonaga borib bildikki, 9-10 sentabr kunlari buvim bilan birga operatsiya boʻlgan 14 nafar bemorda ham xuddi shunday holat yuz bergan ekan.

Buvim oʻsha kuni kasalxonada qoldi. Ahvoli ogʻirlashaverganidan biz operatsiya qilgan shifokor Oybek Akbaraliyevichning yoniga kirdik.  U vahima qiladigan joyi yoʻqligini, koʻzdagi shish bilan yiring infeksiya sababli ekanini, 10 kunlarda koʻz yana koʻra boshlashini aytdi.

14-sentabr kuni mikroxirurgiya boʻlimi bosh shifokori Abdurazzoq Shermatov operatsiya qilingan bemorlarni zudlik bilan Toshkentga olib borish kerakligini maʼlum qildi. 15-sentabr kuni erta tongda 14 nafar bemorni Toshkentga olib ketishdi.

Uchtepa tumanidagi Respublika ixtisoslashtirilgan koʻz mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi shifokorlari virus yuqqan koʻzni yarim soat ichida olib tashlamasa, yiring miyaga oʻtib ketib, barcha bemorlar halok boʻlishi mumkinligini aytgan ekan.  Oʻsha kuni tushdan keyin otam poytaxtdan telefon qilib, buvimning operatsiya qilingan koʻzini butunlay olib tashlashganini aytdi. Xabarni eshitib etimiz jimirlab ketdi.

Operatsiyani deb 9 bemor koʻzidan ayrildi, qolgan 6 bemor ham koʻzidan ayrilsa kerak. Eng achinarlisi, 15 nafar bemorning hammasi operatsiyaga ochiq koʻz bilan kirgan. Ular endi koʻrga aylandi.

2

Koʻzi olib tashlangan 9 kishi bundan keyin koʻra olmasliklarini hali bilishmaydi. Chunki operatsiya taʼsirida koʻzingiz vaqtincha koʻrmay turadi, bir haftadan keyin yana koʻrib ketasizlar, deb ularni aldab turibmiz. Bemorlarning koʻpida qand kasali, qon bosimi bor-da.

Koʻzidan ayrilgan bemorlarning koʻzini 3 nafar shifokor operatsiya qilgan. Ularga qatʼiy chora koʻrishlarini talab qilamiz”, deydi buvisi bir koʻzidan ayrilgan Jaloliddin Mahmudov.

3

Yana bir murojaatchi Isroil Parpiyev 70 yoshni qarshilayotgan otasining koʻziga sunʼiy gavhar qoʻyilganini, jarrohlik amaliyotidan soʻng infeksiya yuqib, otasi ikki koʻzidan ham ayrilganini maʼlum qildi.

“Koʻzni olib tashlashga majbur boʻldik”

“Respublika ixtisoslashtirilgan koʻz mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Fargʻona filialida 9-10 sentabr kunlari 15 nafar bemorda katarakta tashxisi bilan jarrohlik amaliyoti oʻtkazilgani rost. Jarrohlikdan soʻng bemorlarda yalligʻlanish asorati kuzatilib, ularning 12 nafari Respublika koʻz mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga koʻchirildi.

U yerda zarur tibbiy yordam koʻrsatilib, vitrektomiya amaliyoti oʻtkazildi. Natijada toʻrt nafar bemorning koʻz aʼzosi saqlab qolindi. Biroq afsuski, toʻqqiz nafar bemorda asoratlarning oldini olish maqsadida koʻz sohasi olib tashlandi. Hozirda bemorlarning umumiy ahvoli barqarorlashgan.

Operatsiyalar uch nafar shifokor tomonidan amalga oshirilgan. Olib tashlangan koʻzlar oʻrniga protezlar oʻrnatilib, kosmetik jihatdan tiklandi.

Ahvoli yaxshilangan bemorlarning bir qismiga uyga javob berilgan boʻlib, ular nazoratga olingan. Shuningdek, Fargʻona filialida ham davolanishni davom ettirayotgan bemorlar bor.

Bemorlar markazimizga koʻz gavharining xiralashishi (katarakta) shikoyati bilan murojaat qilishgan edi. Ularning holatidan kelib chiqib tegishli jarrohlik amaliyotlari oʻtkazilgan.

Sogʻliqni saqlash vazirligining 2026-yil 22-sentabrdagi 402-sonli buyrugʻiga asosan, markazimizga maxsus mutaxassislar guruhi tashrif buyurgan. Hozirda holat boʻyicha oʻrganish ishlari olib borilmoqda. Infeksiyaning kelib chiqish sabablari va vaziyat yuzasidan yakuniy xulosalar oʻrganish yakunlangach taqdim etiladi”, - dedi Koʻz mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining davolash ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari Shukurullo Asqarov.

4
Shukurullo Asqarov

Kun.uz holatni kuzatishda davom etadi.