Ispaniya: Anchelotti unikal murabbiy, «Atletiko»da muammolar

Real — Espanol 4:0
Gollar: Rodrigo (33, 43), Asensio (55), Benzema (81). 
Real — Kurtua, Vaskes, Kazemiro (Isko, 60), Valexo, Marselo, Kamavinga (Gila, 75), Modrich (Kroos, 60), Sebalos, Rodrigo (Vinisius, 75), Asensio, Mariano (Benzema, 60).
Ogohlantirishlar: Mariano (42), Kazemiro (46).

Oltin o‘yin arafasida Luka Modrich «Real» bilan yangi shartnoma imzolagani va bu bir mavsum bilan cheklanmasligi, kelishuv 2024 yilga qadar uzaytirilishi mumkinligi haqida xabar tarqaldi. Bu yangilikning o‘zini bayram deb atash mumkin. «Santyago Bernabeu»da yig‘ilgan muxlislar 7-daqiqada sobiq kumirlari Krishtianu Ronalduni olqishlashdi.

Maydonda esa yosh avlod javlon urdi. Bahorda besh o‘yinda maydonga tushgan Rodrigo to‘rt gol urdi. Ushbu braziliyalik avvalgi 79 o‘yinida jami shuncha gol urgandi. U hisobni faxriy jamoadoshi Marseloning uzatmasidan keyin ochdi. Marselo esa «Qirollik klubi» bilan 24-sovrinini qo‘lga kiritdi va yanvarda vafot etgan klub afsonasi Pako Xentodan o‘zib ketib, klub tarixidagi eng sovrindor futbolchiga aylandi.

Marselo — ham afsona. Zaxiradan qo‘shilib, o‘yinga nuqta qo‘ygan Benzema kabi. Albatta Karlo Anchelotti ham. U endi kuchli beshlik chempionatlarining barchasida g‘olib chiqqan ilk murabbiyga aylandi. Anchelotti Italiyada «Milan», Angliyada «Chelsi», Fransiyada «PSJ», Germaniyada «Bavariya» bilan chempion bo‘lgandi. U «Real»dagi avvalgi faoliyatida YeChLni qo‘lga kiritgan, ammo ichki chempionatdagi birinchi mavsumida chempion bo‘la olmagach, iste’foga chiqarilgandi.

Uning Madridga qaytishi esa o‘zini to‘la oqladi. Chempionlikdan keyin bo‘shashgan «Atletiko» va o‘zgarishlar davridagi «Barselona» fonida chempionlik ancha oson qo‘lga kiritildi. «Real»ni chempionatning keyingi mavsumida kuchaygan raqiblar kutadi, ammo Madrid ham yangi mavsumga Antonio Ryudiger va Kilian Mbappe bilan kuchaytirilgan holda borishi kutilmoqda. Futboldagi «katta dubulg‘a»ni qo‘lga kiritgan Anchelotti yana bir tarixiy natijaga qo‘l urishi va Chempionlar ligasini to‘rt bor qo‘lga kiritgan ilk murabbiyga aylanishi mumkin.

Hozircha 35-bor chempionlikni rasmiylashtirgan madridliklar «Yuventus»ni ortda qoldirgan holda, top-5 chempionatlar rekordchisiga aylandi.