
Ukraina bilan chegaradosh bo‘lgan boshqa oblastlar gubernatorlari kabi Gladkov ham o‘z telegram-kanali orqali Rossiyaning Ukrainaga bosqini bilan bog‘liq so‘nggi ma’lumotlarni berib kelmoqda. Ma’lum qilinishicha, dastlab 6 yarador va bir vafot etgan kishi olib kelingan. Keyinroq yaralanganlar soni yetti nafarga yetgan. U qurbonlar soni ikki nafarni tashkil etayotgani to‘g‘risidagi xabarlarni rad etgan.
«Yetti kishi yaralangan, kechasi yana bir jabrlanuvchini olib kelishdi. Federal telegram-kanallar 14 yoshli bola halok bo‘lgani haqida yozishmoqda. Ammo bu to‘g‘ri emas. Bola tirik va oblast shifoxonasida qolmoqda», deya yozgan gubernator.

Gubernator zarba oqibatlari aks etgan suratlarni e’lon qilgan. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, 17 ta xonadon va olti avtomobil shikastlangan, maktab, pochta bo‘limi va do‘kon oynalari to‘kilib tushgan. «Qishloqdagi uylar yonmayapti - aholi punktlari atrofida o‘sib turgan qamishlar yongan», deya qayd etgan Gladkov.
Ushbu qishloq Ukraina chegarasidan 20 kilometr masofada joylashgan. Endilikda qishloq aholisi xavfsiz joyga ko‘chirilgan.
Ukraina tomoni Soloxi qishlog‘i o‘qqa tutilishi bilan bog‘liq vaziyatga izoh bermadi.

Kreml rasmiysi Dmitriy Peskov bunga Rossiya hukumatining reaksiyasi qanday bo‘lishi to‘g‘risidagi savolga javob berar ekan, «bu Ukrainaga tutash hududlar xavfsizligini mustahkamlash uchun qo‘shimcha choralar ko‘rish zararligini ko‘rsatgan vaziyat» ekanini aytdi.
U muayyan choralar haqida rossiyalik harbiylar aytishi mumkinligini qo‘shimcha qilgan.
Jurnalistlarning bu zarbalar Rossiya-Ukraina muzokaralariga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi to‘g‘risidagi savoliga javoban Peskov shunday degan: «Kecha biz muzokaralar haqida gaplashdik, kechadan buyon hech qanday o‘zgarish bo‘lmadi. Hozir ham muzokaralar yo‘nalishida maqtangulik hech narsa yo‘q».


















