Qo‘rg‘ontepa tumani shoshilinch yordam bo‘limiga isitma va og‘riq bilan olib kelingan, 1987 yilda tug‘ilgan Oysirg‘a Davlatova o‘tkir appenditsit kasalligi bilan operatsiya stoliga yotqizilgan. Biroq operatsiyadan so‘ng bemor vafot etgan. Yaqinlarining aytishicha, bunga shifokorlarning o‘z ishiga sovuqqonlik bilan qaragani sabab bo‘lgan.

CCBFon3fqDmXXvtN6aUPsdAVfdrkl24Z.jpg (1280×720)

Shifoxonaga kuchli og‘riq bilan kelgan bemor ko‘rikdan o‘tkaziladi va appenditsit tashxisi bilan operatsiya stoliga yotqiziladi. Shifokorlar bemorning yaqinlariga appenditsiti yiringlab ketgan, shu sababli tananing boshqa joylariga ham og‘riq bo‘layotganini ta’kidlashgan. Biroq ko‘richakning olib tashlangan qismida yiring kuzatilmagan.

Operatsiyadan so‘ng bemor biroz vaqt o‘ziga kelmaydi va birdaniga koma holatiga tushib qoladi. Biroz muddat o‘tgach esa vafot etadi.

Yaqinlarining bildirishicha, bemorda boshqa surunkali kasallikka chalinish holati kuzatilmagan. Marhum sog‘lom bo‘lib, maktabda jismoniy tarbiyadan dars bergan.

“Yo‘lda appenditsiti yorilib ketmasin deb Andijon shaharga olib bormadik. Qo‘rg‘ontepaning o‘zida operatsiya qilishga rozilik berdik. Tezda tugashi kerak bo‘lgan operatsiya uzoq cho‘zilib ketdi.

Aytishlaricha, appenditsit o‘ng tarafda bo‘ladi deyishadi. Lekin ayolimning kindikka yaqin joydan kesilgan. O‘simtasini olib chiqishganda yiring ham yo‘q edi. Doktorlar esa yiringlab ketgan deyishgandi”, – deydi marhumaning turmush o‘rtog‘i.

Tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchi Abror Zuhriddinov ham appenditsit yengil operatsiya ekani, bundan bemorlar vafoti juda kam kuzatilishini bildirdi.