Prezidentning “Tadbirkorlik sub’yektlari bilan samarali muloqot tizimini joriy etish va ularning huquqiy himoyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi e’lon qilindi.

Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasining “business.gov.uz” yagona interaktiv portalini davlat va biznes o‘rtasida samarali muloqot tizimini ta’minlovchi hamda quyidagi imkoniyatlarga ega “Tadbirkor virtual ofisi” portaliga aylantirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi:

tadbirkorlik sub’yektlari murojaatlarini tun-u kun qabul qilish, hal etish va nazorat qilish;

davlat organlari va tashkilotlari hamda tadbirkorlik sub’yektlari o‘rtasida tematik onlayn uchrashuv, muhokamalar va so‘rovnomalar o‘tkazish orqali tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan tizimli muammolarni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha takliflarni shakllantirish;

qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish yuzasidan tadbirkorlik sub’yektlari tashabbuslarini qabul qilish va ularga ovoz berish imkoniyatini yaratish, bunda kamida mingta ovoz to‘plagan tashabbuslarni vakolatli organlar tomonidan majburiy tartibda ko‘rib chiqish amaliyotini yo‘lga qo‘yish;

har yili “Tadbirkorlar kuni” arafasida o‘tkaziladigan O‘zbekiston prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida takliflarni yig‘ish va tizimlashtirish;

tadbirkorlik sub’yektlari uchun zarur bo‘lgan xizmatlarni 2025 yil 1 yanvarga qadar bosqichma-bosqich bitta nuqtadan olish imkoniyatini yaratish, jumladan litsenziyalar va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni olish, faoliyatni boshlaganlik haqida xabarnoma yuborish, kredit, subsidiya, kompensatsiya va kafilliklar olish, soliq va bojxona ma’murchiligini amalga oshirish, statistik, soliq va moliyaviy hisobotlarni topshirishni.

2022 yil 1 iyuldan boshlab shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:

a) portalga quyidagilar tomonidan murojaatlar kiritiladi:

tadbirkorlik sub’yektlari;

Savdo-sanoat palatasi huzuridagi “Sall-markaz” xizmati;

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi eksportchi korxonalar murojaatlarini qabul qiluvchi “Sall-markaz” xizmati;