Yakshanba kuni Ukraina mudofaa vazirligi feysbukdagi sahifasida Xarkovdagi mudofaa kuchlari 127-brigadasining 227-bataloni Rossiya qo‘shinlarini tor-mor etib, Rossiya bilan davlat chegarasigacha yetib kelgani haqida xabar berdi.

Ukrainalik jangchilarning prezident Volodimir Zelenskiyga yo‘llagan videomurojaatida jangchilar chegara ustunini olib kelib o‘rnatayotgani ham aks etgan.

«Biz yetdik, janob prezident, biz shu yerdamiz! Chegarachilar ham biz bilan... Janob prezident, biz yetdik!» - deyishadi videodagi harbiylar.

Rossiya mudofaa vazirligi Xarkovdagi harbiy harakatlar haqida so‘nggi bor 13 mayda eslab o‘tgan. O‘shanda vazirlik «ukrainlarning ikkita «Grad» baravariga o‘t ochish reaktiv tizimi» hamda «AQShda ishlab chiqarilgan havo hujumidan mudofaa tizimi» yo‘q qilingani aytilgandi.

O‘tgan shanbada Xarkov meri Igor Terexov BBC bilan suhbatda rossiyalik harbiylar Ukrainadagi ikkinchi yirik shahar atrofidan ketayotganini ma’lum qildi. Xarkov oblasti ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubov o‘shanda so‘nggi besh kun davomida Xarkov o‘qqa tutilmayotgani, ammo regiondagi boshqa shaharlarga zarbalar berilishi davom etayotganini bildirgandi.

Amerikadagi Urushlarni tadqiq qilish instituti (ISW) 13 may kuni e’lon qilingan tadqiqotida rossiyalik harbiylar katta ehtimol bilan Xarkov atrofidagi barcha pozitsiyalarini tashlab ketishga qaror qilgani haqida ma’lum qildi.

Bunga sabab - ukrain armiyasining muvaffaqiyatli qarshi hujumi va Rossiya qo‘shinlariga qo‘shimcha kuchlar yetkazib berishdagi muammolar.

Rossiya armiyasi chekinmoqdami?

Amerikadagi Urushlarni tadqiq qilish instituti tahlilchilariga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari endi Donetskdan Izyumga qadar hududdagi Ukraina armiyasini qurshovga olish bo‘yicha rejadan voz kechgan va endi ko‘p ehtimol bilan asosiy e’tiborni Lugansk oblastini to‘liq egallashga qaratadi.

Bu Rossiya kuchlariga diqqatni yanada torroq sektorga jamlash imkonini beradi va ular ushbu uchastkada hal qiluvchi ustunlikka erishishga harakat qilishadi. Bu holda rossiyaliklarning hujumlaridagi asosiy maqsadlar Lugansk oblastining Ukraina nazoratida qolgan qismining ma’muriy markazi hisoblangan Severodonetsk shahri va Ukraina kuchlarining ta’minotiga putur yetkazish hisoblanadi.