O‘zbekiston | 09:58 / 19.05.2022
8641
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda pul evaziga fuqaroga haydovchilik guvohnomasi olib bermoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi

U fuqaroga 2 million so‘m evaziga imtihon natijalaridan qat’i nazar haydovchilik guvohnomasi olib berishni va’da qilgan.

Foto: Surxondaryo viloyati IIB

Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, 2022 yil 21 aprel kuni Jarqo‘rg‘on tumani Eskiqishloq mahallasida yashovchi fuqaro I.Rustamova viloyat IIBga ariza bilan murojaat qilib pul evaziga haydovchilik guvohnomasi olib berishni aytayotgan shaxsga chora ko‘rishni so‘ragan.

Ma’lum bo‘lishicha, I.Rustamova 2022 yilning aprel oyi Qumqo‘rg‘on tumanida joylashgan “Vatanparvar” avtomaktabida to‘lov asosida o‘qigan, biroq haydovchilik guvohnomasini olmagan. Jarqo‘rg‘on tumanida yashovchi o‘ziga oldindan tanish bo‘lgan X.Muhiddin 2 million so‘m evaziga Hasan ismli tanishi orqali imtihondan a’lo baholarga o‘tkazib, haydovchilik guvohnomasini olib berishini aytgan.

Arizaga asosan, joriy yil 25 aprel kuni viloyat IIB JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, X.Muhiddin ariza muallifi I.Rustamovadan talab qilingan 2 million so‘mni sanab olgan vaqtida ushlanib, holat protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.

Qayd etilishicha, 2022 yilning 17 may kuni Jarqo‘rg‘on tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan X.Muhiddinga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Nukusda fuqarolarga pul evaziga imtihonsiz haydovchilik guvohnomasini olib bermoqchi bo‘lgan avtomaktab o‘rgatuvchisi ushlangandi.

Mavzuga oid