O‘zbekiston | 13:23 / 20.05.2022
10895
3 daqiqa o‘qiladi

Bekatlarda do‘konlar ochish taqiqlanishi mumkin, bunga Savdo-sanoat palatasi qarshi  

Transport vazirligi ishlab chiqqan Prezident qarori loyihasida transport sohasiga oid bir qator yangiliklar kutilmoqda. Savdo-sanoat palatasi loyihaning ayrim qismlari tadbirkorlar manfaatlariga zid bo‘lgani uchun qarshi pozitsiya bildirmoqda. 

Foto: Kun.uz

Transport vazirligi ishlab chiqqan “Hududlarda yo‘lovchi tashish tizimini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori loyihasi jamoatchilik ekspertizasidan o‘tkazildi, deya xabar bermoqda Savdo-sanoat palatasi.

Jamoatchilik ekspertizasi xulosalari hujjatning bir nechta bandlarini inkor qildi.

Loyihada 2022 yil 1 sentabrdan boshlab yangidan quriladigan va rekonstruksiya qilinadigan oraliq bekatlarda savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish obektlarini joylashtirish taqiqlanishi belgilangan.

Bunda oraliq bekatlarda faqatgina reklama vositasi, bankomatlar va oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilishga mo‘ljallangan o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish (vending) avtomatlarini joylashtirishga ruxsat etiladi.

“Biroq yuqorida keltirilganidek, ushbu cheklovni joriy etish sababi va asosi ham loyiha ijrochisi tomonidan keltirilmagan, xalqaro tajriba taqdim etilmagan.

Ta’kidlash lozimki, bugungi kunda respublikada biznes muhitni rivojlantirish, sohaga aholini keng jalb qilish, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha islohotlar olib borilmoqda.

Bu kabi cheklovlarni joriy etish esa tadbirkorlik faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, mamlakatdagi biznes muhiti yomonlashishiga olib kelishi mumkin”, — deyiladi  ekspertiza xulosasida.

Shuningdek, loyihada 2022—2026 yillarda avtovokzal va avtostansiyalarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturi tasdiqlanishi ko‘zda tutilmoqda. Bunda ularni qurish va rekonstruksiya qilish tadbirkorlar mablag‘idan amalga oshirilishi belgilangan.

“Biroq loyihaning ushbu bandi hozirgi kunda tadbirkorlarga tegishli bo‘lgan obektlar ham rekonstruksiya qilinishini talab qilishga olib kelishi mumkin. Vaholanki, mazkur ilovada hududlardagi aynan qaysi obektlarni qurish yoki rekonstruksiya qilish aniq belgilanmagan. Bu esa mazkur holatni turli talqin qilish imkonini beradi. Shu bois amaliyotda tadbirkorlik sub’yektlariga ortiqcha majburiyatlar yuklashning oldini olish maqsadida 3-ilovada faqat yangi quriladigan hamda bo‘sh turgan avtovokzal va avtostansiyalar qurish va rekonstruksiya qilinishini nazarda tutish lozim”, — deyiladi xulosada.

Bundan tashqari, loyihaning chuqur tahlil qilinmagan beshinchi bandini chiqarib tashlash tavsiya qilingan.

Avvalroq, Asalarichilar uyushmasi a’zolariga alohida imtiyozlar berilishi borasida ham jamoatchilik ekspertizasi xulosasi e’lon qilingandi.

Mavzuga oid