Xorijiy olimlar ishtirokidagi konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Umumiy va noorganik kimyo instituti, Bioorganik kimyo instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti, Samarqand davlat universiteti, Urganch davlat universiteti, Buxoro davlat universiteti, Qarshi davlat universiteti, «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJ, O‘zbekiston–Yaponiya yoshlar innovatsiya markazi, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti, Jizzax davlat pedagogika instituti, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti, Namangan muhandislik-texnologiya instituti, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti kabi respublikamiz ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan birga xorijiy ilmiy markazlar, jumladan Yaponiya, Xitoy, Hindiston, Italiya va Rossiyaning yetakchi ilmiy markazlari olimlarining ma’ruzalari tinglandi.


Konferensiyani Termiz davlat universiteti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Rasul To‘rayev kirish so‘zi bilan ochib berdi. Ochilish marosimi Surxondaryo viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Ilhom Safarovning tabrik so‘zi bilan davom etdi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi S.Negmatov va professor H.Sharipovlar samimiy tabrik so‘zlari bilan tabriklashdi.


Konferensiya yalpi majlisida tarkibida azot, fosfor, oltingugurt bo‘lgan immobillangan ligandlarning nodir metallar bilan koordinatsion birikmalari, aralash ligandli ikki yadroli metallokomplekslar sintezi va tadqiqoti, platinoidlarning eritmalarda kompleks hosil qilish mexanizmi, sanoat ikkilamchi xomashyosi asosida kationitlar sintezi, nanokompozit elektrodlarni ishlab chiqarish va qo‘llash, zaharli va portlovchi gazlarni aniqlovchi yarimo‘tkazgichli sensorlar yaratish, ekologik xavfsiz bioaktiv birikmalar-atranlar ishlab chiqish va tadqiq qilish, oldindan ishlov berish jarayonini optimallashtirish: sintetik va tabiiy koagulyantlarga e’tibor qaratgan holda koagulyatsiya va flokulyatsiya, biosensor qurilmalarida kremniy organik hosilalari asosidagi oksidlanish-qaytarilish faol polimerlardan foydalanish nomli yangi ilmiy ma’ruzalar tinglandi.
















