16 may kuni O‘zLiDeP fraksiyasi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish jarayonini boshlash taklifi bilan chiqdi. Taklif “Milliy tiklanish” partiyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

20 may kuni esa Oliy Majlis palatalari kengashlari qo‘shma majlisida Konstitutsiyaviy islohotlar bo‘yicha komissiya tarkibi tasdiqlanib, unga Akmal Saidov rais etib tayinlandi.

Kun.uz muxbiri O‘zLiDeP raisi Aktam Haitov bilan O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohotlar nega kerakligi va o‘zgarayotgan hujjatda nimalar aks etishi borasida intervyu uyushtirdi. 

— Ayting-chi, bugun O‘zbekiston Konstitutsiyasini o‘zgartirishga qanday zarurat bor?

—  16 may kuni O‘zbekiston liberal demokratik partiyasi mana shu tashabbusni ilgari surdi va buni “Milliy tiklanish” qo‘llab-quvvatladi.

17 may kuni biz qo‘shma fraksiyalar majlisini o‘tkazib, deputatlarimizdan shu boradagi fikrimizni qo‘llab-quvvatlashlarini so‘radik, keyin esa bu takliflarni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati kengashlaridan so‘radik. Mana shu yo‘sinda biz konstitutsiyaviy islohotlar tashabbusini ilgari surdik.

Bugungi tadbirda Parlamentning ikkala palata kengashlari tashabbusimizni qo‘llab-quvvatlashdi va qaror qabul qilindi.

Bugun konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha komissiya tuzildi. Uning tarkibiga siyosatchilar, deputatlar, senatorlar, huquqshunoslar va yana boshqa sohalardagi tajribali mutaxassislarni kiritish taklif qilindi va bu kengashlar qarori bilan tasdiqlandi. Shu bilan birga, bugun komissiyaning nizomi ham tasdiqlab berildi. Komissiya qanday faoliyat olib boradi, unga berilgan vakolatlar, uning vazifalari va muhokama qilish tartibi ham mana shu nizomda o‘z aksini topdi.

Endi bir-ikki og‘iz zarurat haqida. Prezidentimiz muallifligidagi “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” kitobida o‘tgan 5 yillikda amalga oshirilgan islohotlarga batafsil to‘xtalib o‘tilgandi.

Shuningdek, davlat rahbari tomonidan joylarda o‘tkazilgan saylovoldi uchrashuvlarida ko‘plab masalalar muhokama qilingan. Masalan, konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish, undagi bob hamda moddalariga o‘zgartirishlar kiritish ham.

Men o‘zim ishtirok etgan 8 viloyatdagi uchrashuvda ham jumladan shunday takliflar tushdi.