Ta’sirchan va effektiv reklama ishlab chiqarish bugun alohida faoliyat sohasiga aylangan. Biz bu soha bilan “Borisov & Irisov” kompaniyasi misolida tanishdik.

Kompaniya ta’sischilaridan biri Maksim Borisov bu biznesga kirib kelish tarixi haqida shunday hikoya qiladi:

“Xo‘sh, bu sohaga qanday kelib qoldim? Men o‘yinlar yaratishni xohlardim, doimo kompyuter o‘yinlariga qiziqardim. Bir kuni disk sotib olib, uning yordamida o‘yin yarata olaman deb o‘yladim. Ammo ma’lum bo‘lishicha, bu 3D Max dasturi ekan. Hammasi o‘sha paytda boshlangan. Men o‘zim uchun 3D olamini kashf qildim va u bilan astoydil shug‘ullana boshladim. O‘zbekistonda birinchi bo‘lmasa ham, lekin birinchilardan bo‘lib grafika bilan shug‘ullana boshlaganman.

Dadam ikkimiz bolalar, maktab o‘quvchilari va asosan koreys auditoriyasi bilan ishlardik, ular uchun videolar tayyorlardik. Shunday tadbirlar orqali hozirda rejissyor va operatorimiz hisoblanmish Bahodir Yo‘ldoshev bilan uchrashib qolganman va u bilan birgalikda ishlay boshladim”.

“G‘oya uchun pul to‘lash – O‘zbekiston uchun hali yangilik”

Suhbatdoshimizning aytishicha, reklamani olishda eng muhimi va qimmatlisi bu – g‘oyadir.

“O‘zbekistonda biz hali g‘oya uchun pul to‘lashga o‘rganmaganmiz. Reklama tayyorlashda eng qiyini bu yaxshi g‘oya va uni to‘g‘ri tasvirga olish bo‘lsa kerak deb o‘ylayman.

Biz suratga olgan barcha reklama roliklarining 99,9 foizini men yozganman va rejissyor ham o‘zim. Zavodda yoki biror ofisda 9 dan 6 gacha ishlansa, men esa 24/7 ishlayman, ya’ni miyam umuman dam olmaydi. G‘oyalarni har doim o‘ylab yurishga harakat qilganim sababli, qiziqarli roliklar paydo bo‘ladi”.

“O‘zbekistonni juda yaxshi ko‘raman…”

“Mamlakatni tark etish uchun juda ko‘p imkoniyatlar bo‘lgan. Misol uchun, xonanda Nyushaning klipini suratga olganimizdan so‘ng, Rossiyaga ko‘chib o‘tish taklifi kelib tushgan. O‘shanda men bu taklifni rad etdim. O‘zbekona mehmondo‘stlik, o‘zbekcha muloqot, har doimgi hurmatni boshqa mamlakatlarda ko‘rmaganman. Men vatanparvar insonman. Bu yurtni juda yaxshi ko‘raman. Men uni hukumat uchun emas, bu yerdagi ba’zi odamlarning yaxshi va yomon ishlari uchun emas, shunchaki yaxshi ko‘raman. O‘zbekiston – juda ajoyib millat, ajoyib tarix, urf-odatlar va an’analardir”.