O‘zbekiston paxtasiga joriy qilingan cheklovlar butunlay olib tashlanishi hamda GSP+ benefitsiar maqomini olgani munosabati bilan mamlakatimizning 6200 turdagi mahsulotlarini Yevropa Ittifoqi davlatlariga olib kirishda ko‘plab yengilliklar taqdim etilib, ular bilan hamkorlik aloqalari tobora rivojlanib bormoqda.

Savdo-sanoat palatasi vakillari ham tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, milliy mahsulotlarni jahon bozorida o‘z xaridorini topishga ko‘maklashish maqsadida, 16-18 may kunlari Germaniya Federativ Respublikasida ishchi tashrif bilan bo‘lishdi.

Xususan, 16 may kuni O‘zbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi elchixonasi tashabbusi bilan Savdo-sanoat palatasi raisi D.Vahobov bosh qarorgohi Germaniyaning Dyusseldorf shahrida joylashgan Yevropaning yirik C&A kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Ma’lumot uchun: Ushbu yirik kompaniya Snek shahrida aka-uka Klemens va Avgust Brenninkmeyerlar tomonidan 1841 yilda Niderlandiya to‘qimachilik kompaniyasi sifatida tashkil etilgan bo‘lib, ularning bosh harflari bilan atalgan.

1910 yilga kelib Niderlandiyada ushbu kompaniyaning o‘nta do‘kon etdi. C&A – Niderlandiyaning yirik brendlar sotuvchi kompaniyasi bo‘lib, Yevropa bosh qarorgohi Vilvurd (Belgiya) va Dyusseldorf (Germaniya) shaharlarida joylashgan. C&A brendlari orasida Angelo Litrico, Avanti, Canda, Clockhouse, Here+There, Palomino, Rodeo (chang‘i va snoubord kiyimlari), Westbury, Yessica, Yessica Pure va Your Sixth Sense kabilarni o‘z ichiga qamrab olgan.

Yevropaning 18 davlatida 1200 dan ortiq filiallari va 25 000 dan ortiq xodimlari bilan C&A Yevropadagi yetakchi moda sotuvchilardan biri hisoblanadi. C&A Yevropadagi do‘konlarida har kuni ikki milliondan ortiq tashrif buyuruvchilarni qabul qiladi.

Uchrashuvda germaniyalik hamkorlar tomonidan kompaniya to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. Unga ko‘ra, C&A kompaniyasining bir yillik daromadi 5 mlrd. yevroni tashkil etsa, undan asosiy qismi to‘qimachilik maxsulotlarini o‘z ichiga qamrab oladi.

Ta’kidlanishicha, “C&A” umumiy buyurtmalarining qariyb yarmi Bangladesh mamlakatiga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, Turkiya, Pokiston, Xitoy, Kambodja, Hindiston va boshqa mamlakatlarda “C&A” buyurtma asosida o‘z mahsulotlarini ishlab chiqaradi.