Ukrainadagi urush SOVID-19 pandemiyasi va iqlim o‘zgarishidan jabr ko‘rayotgan jahon iqtisodiyotiga, ayniqsa rivojlanayotgan mamlakatlardagi vaziyatga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Rossiya va Ukraina dunyodagi eng muhim qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi va eksport qiluvchi davlatlar hisoblanadi.

BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ma’lumotlariga ko‘ra, 2016-17 va 2020-21 yillar oralig‘ida global miqyosida bug‘doy yetishtirishning 14 foizi, arpa yetishtirishning 19 foizi, makkajo‘xori yetishtirishning 4 foizi, kungaboqar yog‘i ishlab chiqarishning 50 foizdan oshiqroq qismi Ukraina va Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Ahamiyatli jihati, 2021 yilda ushbu davlatlar bug‘doy, makkajo‘xori, kolza, kungaboqar urug‘i va kungaboqar yog‘i eksporti bo‘yicha yetakchi uchtalikka kirgan.

Shuningdek, Rossiya kaliyli o‘g‘itlar yetkazib beruvchi birinchi, azotli o‘g‘itlar ishlab chiqarish bo‘yicha ikkinchi, fosforli o‘g‘itlarni eksport qiluvchi eng yirik uchinchi davlat hisoblanadi. Davom etayotgan urush esa bir qancha omillar sabab global bozorni larzaga keltirmoqda.

Birinchidan, jahonda mineral o‘g‘itlarning o‘rtacha narxi qimmatlashib ketdi. Bunga Rossiyadan import qisqarishi va tabiiy gaz narxlari oshishi jiddiy ta’sir o‘tkazgan. Ko‘plab qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tannarxida o‘g‘it xarajatlari salmoqli ulushni egallaydi. Narxlar oshishi esa rivojlanayotgan mamlakatlarda o‘g‘itlardan foydalanish ko‘rsatkichi kamayishi va hosil qisqarishiga olib kelishi mumkin. Bu esa kelayotgan yilda ham oziq-ovqat xavfsizligiga jiddiy ta’sir o‘tkazadi.

Ikkinchidan, urush oqibatlari ayniqsa qurg‘oqchil mintaqalar – Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi rivojlanayotgan mamlakatlar uchun og‘riqli bo‘ladi. Ushbu davlatlar umumiy oziq-ovqatining 90 foizdan ortig‘ini import qiladi. Asosiy yetkazib beruvchilar esa Rossiya va Ukrainadir. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda quyidagi bir qancha mamlakatlar umumiy bug‘doy importining salmoqli qismini Rossiya va Ukrainadan amalga oshirgan.