O‘zbekiston | 18:23 / 28.05.2022
43151
3 daqiqa o‘qiladi

Elektroshoker qo‘llashda qatnashgan ikki xodim ishdan ketdi. Voqea Samarqandning turizm salohiyatiga qanday ta’sir qiladi?

Xorijlik sayyohlarga qo‘pol muomalada bo‘lib, ularga elektroshoker qo‘llagan IIB xodimlari jazosiz qolmadi. Endi ularni jinoiy jazo ta’qib etmoqda. O‘zbekistonning turizm jozibadorligiga jiddiy zarar keltirgan ushbu hodisa haqida Kun.uz maxsus reportaj tayyorladi.

Qozog‘iston fuqarolari bilan bo‘lgan bu noxush vaziyat O‘zbekistonga keladigan sayyohlar oqimining pasayishiga xizmat qiladi, degan fikrlar ilgari surildi. Holat bo‘yicha Samarqand viloyat hokimining o‘rinbosari – turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i Rustam Qobilovdan izoh oldik.

Hokim o‘rinbosari sayyohlar bilan sodir bo‘lgan holatni boshdanoq qoralaganini ma’lum qildi. IIB idoralari vakillari nafaqat xorijlik, balki mahalliy sayyohlar bilan ham bunday qo‘pol muomalada bo‘lmaslik kerak, degan fikrni bildirdi.

“Yurtimizga kelayotgan sayyohlar avvalo xavfsizlik qanchalik ta’minlangan, qolaversa, madaniy hordiq uchun qay darajada qulayligi bilan qiziqadi. Ushbu noxush holat barchamizni tashvishlantirdi. Shu sababli viloyat tashkilotlari mas’ullari birgalikda ushbu mavzuni jiddiy muhokama qilib oldik. Vaziyatga viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ham e’tibor qaratib, mas’ullar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda endi Samarqandda restoran va kafelar tun-u kun ishlashi va sayyohlarga qulaylik yaratish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilishini aytib o‘tdi. Shu bilan birgalikda, sayyohlarning madaniy hordiq olishi boshqalarga noqulaylik keltirib chiqarmasligini ham e’tibordan qochirmasligimiz kerak.

Sayyohlar bilan sodir bo‘lgan bu holat hammamizni noqulay ahvolga solib qo‘yganini tan olamiz. Tabiiyki, mehmonlarni bu voqea ikkilantirib ham qo‘yishi mumkin. Shuning uchun biz tezkorlik bilan munosabat bildirishga harakat qildik. Kelgusida bunday xatolar bo‘lmasligi uchun mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytiryapmiz. Bu vaziyatdan to‘g‘ri xulosa chiqargan holda Samarqandimizga sayyohlarning qiziqishi va tashrifi uchun barcha qulayliklarni ta’minlab berish uchun ishlayapmiz” dedi Rustam Qobilov.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Jahongir Sa’dullayev sayyohlar bilan qo‘pol munosabatda bo‘lgan xodimlar vazifasidan ozod etilganini ma’lum qildi.

Sa’dullayevga ko‘ra, sayyohlarning ikki nafari qozog‘istonlik, ikki nafari mahalliy fuqarolar bo‘lgan.

“Elektroshoker O‘zbekiston fuqarosiga qo‘llangan. Biroq bu holat vaziyatni yengillashtirmaydi, xodimlarning harakatini oqlamaydi. Ushbu voqeadan keyin xizmat tekshiruvi tayinlanib, ikki nafar xodim vazifasidan ozod etildi. Bundan tashqari, patrul post xizmati va jamoat tartibini saqlash bataloni komandiri hamda uning tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari ham egallab turgan lavozimidan ozod qilindi. Bevosita xizmat boshlig‘iga “hayfsan” intizomiy chorasi qo‘llanildi. Holat bo‘yicha prokuratura tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda” dedi Sa’dullayev.

Eslatib o‘tamiz, Samarqand shahrida qozog‘istonlik sayyohlar bilan yuzaga kelgan vaziyat tarmoqlarda tarqalgach, Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi munosabat bildirgandi.

Исомиддин Пулатов
Muallif Исомиддин Пулатов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid