Bugun, 28 may shanba oqshomida butun dunyo nigohi klublar o‘rtasidagi eng nufuzli turnir – Chempionlar ligasi finali o‘tadigan Parij tomon qaratiladi. «Stad de Frans» o‘yingohi «Liverpul» va «Real» o‘rtasidagi to‘qnashuvga mezbonlik qiladi. Shiddat va’da qilayotgan qarama-qarshilik oldidan ingliz va ispan jamoasining final oldi tayyorgarligi, o‘zaro o‘yinlardagi hisob-kitoblar, tarkiblar bilan tanishing. Yana bir jihati, final – «Oltin to‘p»ning yangi egasi kim bo‘lishi haqidagi bahslarga yakun yasab berishi mumkin.

Yevropaning 6 karra g‘olibi 13 karra chempionga qarshi

UYeFA tarixida 66-marta tashkil etilayotgan ko‘hna qit’aning eng nufuzli turniri finalida qit’ada 6 marta tengsiz bo‘lgan «Liverpul» musobaqaning rekordchisi – 13 karra chempion «Real»ga qarshi saf tortadi.

Foto: UEFA

«Liverpul» «Manchester Siti» bilan kurashda APL chempionligini boy bergan bo‘lsa-da, mavsumni ajoyib o‘tkazmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Klopp murabbiyligidagi jamoa allaqachon ikkita turnir – Angliya kubogi va Angliya liga kubogi bosh sovriniga ega chiqdi.

«Real» esa Ispaniyada chempionlikni rasmiylashtirib, Chempionlar ligasida ham kambeklar evaziga turnirning asosiy qahramoni bo‘lib turibdi. Karim Benzema yetakchiligidagi madridliklar ajoyib mavsumni finalda chiroyli yakunlash imkoniyatiga ega.

Finalga kim qanday yetib keldi?

Ikki klubning finalgacha bosib o‘tgan yo‘liga nazar tashlaydigan bo‘lsak, «Real»ga qaraganda «Liverpul»ning raqiblari nisbatan osonroq ko‘rinadi. Yurgen Klopp shogirdlari guruhdan peshqadam sifatida 1/8 finalga yo‘llanma olgach, finalga qadar Italiya chempioni, Portugaliyaning 3-jamoasi, Ispaniyaning 7-jamoasi to‘sig‘idan o‘tdi.

Foto: Getty Images

Karlo Anchelotti jamoasi esa «D» guruhi peshqadami sifatida finalga qadar Fransiya chempioni, YeChLning amaldagi g‘olibi va Angliya chempionini turnirdan chiqarib, hal qiluvchi bahsga yetib keldi.

«Liverpul»ning finalgacha yo‘li:

«V» guruhi g‘olibi

1/8 final: «Inter» (umumiy hisob: 2:1)