Imkonsiz rejalardan voz kechilgach, Donbassda to‘plangan rus qo‘shinlari tashabbusni qo‘lga olishgan. Ukraina mudofaasi bir necha joyda yorib o‘tilgach, ular Severodonetskdagi yirik guruhni qurshovga olishga intilmoqda. Bu shahar ta’minoti amalda bitta yo‘lga (bu trassa doimiy ravishda o‘qqa tutilmoqda) bog‘liq. Ukraina armiyasi bu hududni topshirishi yoki «Mariupol qismati» takrorlanishi xavfi ostida shaharni himoya qilishda davom etishi kerak.

Rossiya armiyasi Donbass uchun janglar rasman boshlanganidan ikki oy o‘tib, urushning mazkur asosiy yo‘nalishida dastlabki jiddiy natijalarga erishdi. «LXR» va «DXR» kuchlari, «Vagner» yollanma kuchlari hamda RF armiyasi harbiylarining turli yo‘nalishlardagi ko‘plab muvaffaqiyatsiz urinishlaridan keyin nihoyat Lugansk oblastidagi Popasnaya shahri atrofida ukrainlar mudofaasi yorib o‘tildi. Endilikda rossiyalik harbiylar Lugansk oblasti ma’muriy markazi hisoblangan Severodonetsk va Lisichanskda (har birida 100 mingdan oshiq kishi yashaydigan bu ikki shaharni Shimoliy Don daryosi ajratib turadi) joylashgan ukrainlarning 10 ming harbiysidan iborat yirik guruhi ortiga o‘tishgan.

Bu yerda Ukraina armiyasi mudofaasi bir necha o‘choqlardan iborat, butun guruhni Ukrainaning asosiy hududi bilan atigi bitta kichik yo‘l bog‘laydi. Ukrainlar qurshovda qolishi mumkin — bu Mariupoldagidan kattaroq guruh.

Rossiya Donbassda bir necha yo‘nalishda muvaffaqiyatga erishmoqda. Ukraina qator muhim shaharlarni boy berishi mumkin. RF harbiylari Slovyanskka ham tahdid solmoqda

Liman ostonasida navbatdagi hujumni kutayotgan ukrain harbiylari. Foto: AFP

Ukraina qo‘mondonligi uchun vaziyatni og‘irlashtiradigan holat — Severodonetsk rossiyaliklarning Donbassdagi yagona ilgarilayotgan yo‘nalishi emas (lekin eng xavflisi). Rossiyalik harbiylar shimolda Limanga kirmoqda, ukrainlarning asosiy kuchlari joylashgan Slovyanskka sharqdan hujum qilmoqda. Slovyansk ikki tomon uchun ham muhim g‘oyaviy ahamiyatga ega: ko‘pchilik 2014 yilda ushbu shahar Igor Strelkov otryadi tomonidan egallab olinganida «rus bahori» boshlangan deb hisoblaydi.

Bundan tashqari, ukrainlar qo‘shini qurshovga tushib qolmaslik uchun Svetlodarskni tashlab ketishga majbur bo‘ldi, bu shahardan o‘tgan rossiyaliklar bo‘linmalari ukrainlar mudofaasidagi yana bir muhim nuqta — Baxmutga yaqinlashmoqda. Agar ukrain armiyasi bu yurishlar yo‘lini to‘sib, rossiyalik harbiylarni to‘xtatmasa, asosiy urushning hozirgi bosqichida yirik mag‘lubiyatga uchraydi va katta miqdordagi harbiylaridan ayriladi.