Iqtisodchi Otabek Bakirov o‘z Telegram-kanalida qolipli non narxi erkinlashayotgani yuzasidan fikr bildirib, iqtisodiyotda samarasiz davlat ishtirokini qisqartiruvchi islohotlarni ortiq kechiktirmaslikka chaqirdi.

“Sobiq sovet o‘lkalari orasida bozorga o‘tish tomon harakatini boshlagan, lekin pirovardiga hali yetib borolmagan davlatlardan biri, afsuski – bu O‘zbekiston. Bozorga hech qaysi davlat biz kabi uzoq muddat davomida o‘tmagan bo‘lsa kerak, shuning uchunam og‘riqlarimiz hech tugay demaydi. Narxlarni erkinlashtirishga boshqa davlatlar 1992 yil 1 yanvarda kirishib, 1996-1999 yillarda bozorga o‘tish yakunlangan bo‘lsa, biz 1994 yildan beri shu yo‘ldamiz. Qanchalar ehtiyotkor, sekin harakatlanganimiz sayin, islohotlarning og‘riqlari shuncha uzoqqa cho‘zilmoqda. Ikkinchi avlod shu og‘riqlar bilan yashamoqda. Bu ketishda, xudo ko‘rsatmasin, yana ortga chekinishlar bo‘lsa, uchinchi avlod ham islohotlar zaruriyati haqida chaqiriqlar bilan, lekin bozor islohotlariga jur’at qilolmay arosatda yashashda davom etadi. Tovon esa oshib boraveradi. Teskari tashviqot kuchayaveradi.

Hech qursa Gruziya yo Qozog‘istondagidek yashashni hamma istaydi, jon boshiga 4000 dollarlik daromadlarni hamma xohlaydi. Odamlar tushunishi kerakki, Gruziyadek, Qozog‘istondagidek o‘rtacha yashash tarziga yetib borish uchun ular o‘tkazgan islohotlarga, qanchalik og‘ir bo‘lmasin, qadam bosishimiz kerak.

Ko‘pchilik hozir eslamaydi. Toshkentdan 2-3 barobar daromadi kamroq Namangan, Farg‘ona yo Xorazmda “buxanka” non allaqachon bozor narxiga o‘tib bo‘lgan. 3 yil bo‘ldi bunga. O‘shanda ham vahima ko‘targanlar buxanka non yeydiganlar bo‘lmagan. Bozordagi eng qimmat yog‘li patir non yeydiganlar ko‘proq shovqin solishgandi. Chunki buxanka non iste’mol qiladiganlar uchun davlat kompensatsiya tizimini ortig‘i bilan ishga tushirgandi. Bu safar ham ijtimoiy yordam kanallari (pensiya va maosh indeksatsiyasi, kompensatsiya, bir martalik to‘lovlar) ishga tushmoqda. Kerak bo‘lsa, yana yordam ko‘rsatiladi. Mening ishonchim komil, iste’moli “buxanka” non bo‘lgan aholi toifasi himoyasiz qolmaydi.

Ha, “Arzon non va xalqqa tomosha” siyosati bilan ham yashash mumkin, davom etish mumkin. Qadimgi Rimdan ma’lum bunday usul. O‘zingizga savol bering, ro‘shnoligimizning chegarasi shu bo‘lishiga rozimisiz? Kecha tarmoqda “ko‘p savol bermayotganimiz uchun gaz va svetni qoldirishsa bo‘lardi” deb yozib qolishdi. O‘zbekistonliklar ko‘prog‘iga munosib. Arzon, lekin o‘zi yo‘q gaz va svet soqovligimiz uchun to‘lov deb qabul qilishga, masalan, men rozi emasman.

Faqat Toshkentda qolgan arzon non, o‘zi yo‘q arzon elektr va o‘zi yo‘q arzon gazning to‘lovini 30 yil to‘ladik. To‘lovini kimga to‘layotganimizni bilmay to‘ladik va o‘zimizni o‘zimiz aldab yashadik. Endi yana ayirg‘ich oldida turibmiz.