Yaqinda Starlink rasmiy saytida loyiha doirasida sun’iy yo‘ldosh internetining ishga tushish hududi va vaqti aks etgan xarita e’lon qilindi. Unda ko‘rsatilishicha, loyiha O‘zbekistonda 2023 yildan ishlay boshlaydi.

Starlink terminali / Foto: Business Insider

May oyida Starlink loyihasiga egalik qiluvchi SpaceX kompaniyasi vakili fazoviy texnologiyalar bo‘yicha xalqaro konferensiya doirasida Toshkentga kelgan edi. AKT vazirligi va “O‘zbekkosmos” agentligi vakillari u bilan uchrashuvda kompaniya va Starlink loyihasini O‘zbekistonga taklif qilgandi.

Loyiha qachon ishga tushishi, qanday ishlashi, O‘zbekistonda sun’iy yo‘ldosh internetidan nimalarni kutish mumkinligi, internet narxi qancha bo‘lishi kabilar hozircha noma’lum.

O‘zbekiston o‘z sun’iy yo‘ldoshini uchirish rejalarini kechiktirgan

2018 yilda innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov O‘zbekiston o‘z sun’iy yo‘ldoshini uchirishi, bu mamlakatdagi “hayotni birdaniga o‘zgartirib yuborishi”, xususan internet tezligi oshishini aytgandi. Ammo shundan keyin bu yo‘nalishda deyarli yangilik bo‘lgani yo‘q.

2022 yil martida “O‘zbekkosmos” direktori Shuhrat Qodirov aytdiki, sun’iy yo‘ldosh orqali olinadigan internet ancha sekin va katta mablag‘ talab qilgani uchun uni uchirish unchalik foydali emas. Qodirovning fikricha, O‘zbekistonda optik tolali internetni kengaytirish samaraliroq.

5 yil oldingi gaplar amalga oshmay qolgani, yangi bayonotda esa O‘zbekiston o‘z sun’iy yo‘ldoshini uchirishi hozir kun tartibida emasligi tasdiqlanganidan kelib chiqsak, Starlink interneti mamlakat telekommunikatsiya tarmog‘ini yangi bosqichga chiqarish uchun yaxshi imkoniyat bo‘lishi mumkin.

Starlink interneti narxi va o‘zbekistonliklar cho‘ntagi