Iqlim isishi sabab dunyo turli ko‘rinishda jabr chekmoqda. Suv toshqinlari, noodatiy o‘rmon yong‘inlari, chang bo‘ronlari kuzatilmoqda. Lekin eng katta xavf – orol davlatlarda yashovchi xalqlar gardanida, ular ko‘proq jabr chekmoqda. Marshall orollari – shundaylardan biri.
Okean qurshovidagi davlat
Marshal orollari – Tinch okeanining shimolidagi davlat, Avstraliya va Gavayi orollari o‘rtasida joylashgan. 1,156 ta kichik orollardan tashkil topgan, atigi 182 km kvadrat quruqlik yer maydonini egallagan. Bu yerda 60 ming atrofidagi aholi yashaydi.

Marshall orollari konstitutsiyasi fuqarolariga yerga egalik huquqini beradi. Biroq mamlakatning nisbatan pasttekislikda joylashgan hududlarining suv ostida qolish xavfi ortib bormoqda.
Tinch okeanining Tuvalu va Kiribati hamda Hind okeanining Maldiv orollari bilan bir qatorda Marshall ham orollar turkumidan iborat to‘rt davlatdan biri hisoblanadi. Bu orol davlatlarining har birining o‘ziga xos madaniyati, yashash sharoiti mavjud, ular suvga moslashib yashashga o‘rgangan. Lekin uzoq yillik moslashuv ham suv ostida qolish xavfi aniqlashgani sari biror foyda berishi qiyin.
Yo‘q bo‘lib ketish xavfi
Jahon banki tadqiqotiga ko‘ra, Marshall poytaxti Majuroda mavjud binolarning 40 foizi doimiy suv ostida qolishi mumkin. Shaharning 96 foizini esa iqlim o‘zgarishi sabab tez-tez kuzatiladigan suv toshqinlari kutyapti.
Tadqiqot dengiz suvi sathining 0,5, 1, 2 metrgacha ko‘tarilishi Marshallga qanday ta’sir qilishini o‘rgangan. Agar moslashuv dasturlari amalga oshirilmasa, dengiz sathi 1 metrgacha ko‘tarilib, Majuro shahrining 37 foiz binolari suv ostida qolishi mumkin. Ebeyye shahrining esa yarmidan ko‘pi suv ostida qolish ehtimoli bor.
Ilojsiz qolayotgan marshalliklar
Suv sathi ko‘tarilib toshqinlar soni oshishi eng avvalo baliqchilik bilan shug‘ullanuvchilar va agrar sohada ishlayotgan odamlarni qiynab qo‘yadi. Ular Marshall orollarining shahar qismlariga ko‘chishlariga yoki butunlay o‘z mamlakatlarini tark etishlariga to‘g‘ri keladi. Marshalliklar uchun migratsiya qilish mumkin bo‘lgan eng birinchi davlat – AQSh, bu yerda 27 ming atrofida marshallik yashaydi.
















