Jahon | 14:13 / 24.07.2022
58704
6 daqiqa o‘qiladi

Yonayotgan sayyora – keyingi 5 yillikda dunyo harorati bo‘yicha ehtimollar

Ayni vaqtda dunyodagi harorat sanoatgacha bo‘lgan davrdagidan 1,1 daraja oshgani aytilmoqda. Bu harorat fonida yong‘inlar, muzliklar erishi, suv toshqinlari va qurg‘oqchilik xavfi oshgan. Issiqxona gazlari miqdori kamaymasa, 2026 yilga borib Yerda harorat qanday bo‘ladi?

22-24 iyul kunlari O‘zbekistondagi harorat iqlimiy me’yorlardan 5-7 darajaga yuqori bo‘lishi aytildi. Janubda va cho‘l zonalarining ba’zi joylarida 47 daraja issiq taxmin qilingan. Bu – O‘zbekistondagi rekord issiq (49,8 daraja Buxorodagi Oyoqog‘itma cho‘l stansiyasida 1983 yil qayd etilgan) bo‘lmasa-da, yuqori haroratli kunlarning ko‘paygani xavotirli.

So‘nggi 35 yilda Markaziy Osiyodagi harorat

Geophysical Research Letters jurnalida chop etilgan tadqiqotga ko‘ra, so‘nggi 35 yil ichida Xitoy, O‘zbekiston va Qirg‘izistonning bir qismini o‘z ichiga olgan Markaziy Osiyoda havo harorati sezilarli ko‘tarilgan. Dunyoning boshqa nuqtalaridan farqli ravishda isish darajasi Markaziy Osiyoda qishda emas, bahorda yuqorilagani qayd etilgan. Shu davrda tog‘li hududlar issiqroq va namroq bo‘lishi kuzatilgan. Natijada tog‘lardagi muzliklarni eritadigan jiddiy xavf paydo bo‘lgan.

Markaziy Osiyo aholisining 60 foizdan ortig‘i quruq iqlim mintaqada yashaydi. Haroratning ko‘tarilishi tuproqdagi suvning bug‘lanishini kuchaytiradi va qurg‘oqchilik xavfini oshiradi. Bu – iqlim muhojirlarini paydo qilmoqda. Jahon bankining 2021 yil sentabr oyida e’lon qilgan hisobotida 2050 yilga borib, Markaziy Osiyoda ichki iqlim muhojirlari 5 millionga yaqinlashishi taxmin qilingan.

G‘arb uchun anomal issiq

Osiyo mintaqasi uchun 40+ daraja yozda kuzatiladigan holat. Biroq Yevropa uchun bunday harorat noodatiy va yashash sharoitlarini qiyinlashtirib yuboradi. Masalan, iyulning o‘rtalarida Buyuk Britaniyada harorat qariyb 40 darajani tashkil qilgan. O‘ta yuqori harorat tufayli tarixda birinchi marta «qizil» ogohlantirish darajasi joriy etildi. Maktablar yopilgan, ayrim yo‘nalishlarda temiryo‘l harakati to‘xtatilgan.

May oyida AQShda yozning o‘rtasidagidek harorat boshlangan bo‘lsa, iyunning boshlarida Ispaniyada 40 daraja harorat qayd etilgan. 2022 yil hisobida hozirgacha Ispaniya va Portugaliyada mingdan ortiq kishi yuqori harorat sabab jon bergan.

Fransiyada ham issiq 40 darajaga yaqinlashgan, natijada o‘rmon yong‘inlari ko‘payib, minglab odamlar evakuatsiya qilingan. Yevropada 2003 yilda issiq harorat sabab 70 ming kishi vafot etgan, mutaxassislar shunday holat yana takrorlanishidan xavotirda. Yevropada qayd etilgan eng issiq harorat 48 daraja edi (Gretsiya, 1977). Jahon meteorologik tashkiloti kuzatuvlariga ko‘ra, yangi rekord 2021 yilda Sitsiliyada 48,8 daraja bo‘lishi mumkin.

2026 yilgacha Yerning isish ehtimoli

Oxirgi yillarda iqlim o‘zgarishlariga sabab bo‘layotgan asosiy davlatlardan to‘xtashni talab qilib o‘tkaziladigan namoyishlar ko‘paymoqda. 2015 yildagi Parij kelishuvida ham ko‘p davlatlar iqlimni sanoatgacha bo‘lgan davrdagidan 1,5 daraja oshirmaslik uchun kelishuvga qo‘l qo‘ygan. 2021 yil oktyabr oyida o‘tkazilgan Glazgodagi Climate Change Conference26 (COP26)da ham iqlim isishini to‘xtatib turish masalalari muhokama qilingandi. Shunday bo‘lishiga qaramay, issiqxona gaziga yirik hissador bo‘lgan davlatlar va’dasini bajarmayapti. Jahon meteorologik tashkiloti Yer yuzidagi haroratning sanoatdan oldingi darajadan 1,5 daraja oshib ketish-ketmaslik ehtimolini 50x50 deb baholamoqda. Tashkilot 2022-2026 yillar ichida harorat 2017-2021 yildagidan issiqroq bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Iqlimiy me’yorning 1,5 daraja oshish ehtimoli 2015 yilda nolga teng bo‘lgan. Bu ehtimol 2017-2021 yillarda 10 foizga, keyingi 5 yillikda esa 50 foizga oshgani aytilmoqda. 2021 yilda global o‘rtacha harorat sanoat davrigacha bo‘lgan ko‘rsatkichdan 1,1 daraja yuqorilagan.

Iqlim isishining 95 foiziga insoniyat sababchi

Mutaxassislar tadqiqiga ko‘ra, iqlimni isitayotgan omillarining eng boshida yonilg‘idan foydalanish turibdi. Global isishning 95 foiziga insoniyat javobgar. Sanoat inqilobidan beri issiqxona gazlari shunchalik ko‘payganki, oxirgi 800 ming yil ichida bunday daraja ilk marta kuzatilmoqda.

Yer so‘radigan yoki qaytaradigan quyosh nuri miqdori Yer yuzasi va atmosferasiga bog‘liq. Okean, o‘rmonlar va tuproq kabi qorong‘i narsalar va sirtlar ko‘proq quyosh nurini o‘zlashtiradi. Qor va bulutlar kabi ochiq rangli narsalar va sirtlar quyosh nurini qaytarishga moyildir. Qor va muzliklarning erishi esa quyosh nurini qaytaradigan vositalar kamayishi Yer ko‘proq issiqlikni so‘rib olayotganini anglatadi.

Issiq oqibatlari

Issiq avvalo insoniyatning yashash holatlarini yomonlashtiradi, odamlar kundalik hayotga kirishish va ishlashga qiynaladi, qurg‘oqchilik avj oladi, muzliklar eriydi va buning natijasida havo yana isiydi. Toshqinlar, o‘rmon yong‘inlari, issiq haroratdan o‘lim holatlari ham ko‘payadi. Va bu jarayonlar hozir ham davom etmoqda.

Yana bir yomon tomoni issiq harorat normal hisoblanmaydigan Yevropa davlatlarida infrastruktura, uylar issiqqa emas sovuqqa chidamli qilib qurilgan. Bu shundoq ham o‘rmon yong‘inlari va toshqinlardan aziyat chekadigan mintaqalarda jon saqlashni qiyinlashtiradi.

 Zuhra Abduhalimova, jurnalist

Mavzuga oid