Kun.uz Navbahor tumani ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi stomatolog shifokori Ilyos Jo‘rayev bemorlardan noqonuniy ravishda pul olgani hamda Karmana tumanidagi ayrim maktablarda o‘qituvchilarning ta’til pulidan umumxalq xayriya hashari uchun ikkinchi bor 20 ming so‘mdan ushlab qolishga topshiriq berilgani haqida ma’lum qilgandi. Holatlar yuzasidan Navoiy viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi va Karmana tumani hokimligi rasmiy munosabat bildirdi.
Boshqarma munosabatiga ko‘ra, o‘rganish jarayonida stomatolog shifokor Ilyos Jo‘rayev haqiqatan ham bemorga tibbiy muolaja o‘tkazganligi, uning muolajasi uchun zarur bo‘lgan nur ta’sirida qotuvchi tish plombalarini xususiy klinikadan olib kelganligi va shu sababli fuqarodan bajarilgan muolaja uchun 60 ming so‘m olganligi aniqlangan.
“Sog‘liqni saqlash vazirligining 2022 yil 18 fevraldagi 63-sonli buyrug‘iga asosan ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikada ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar hamda dori vositalari ro‘yxati tasdiqlangan bo‘lib, stomatolog Ilyos Jo‘rayev tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy xizmat ushbu ro‘yxatga kiritilmagan. Xususiy tibbiyot muassasasidan ishlatish uchun xarid qilgan sarflov vositalarini davlat tashkilotida ishlatganligi sababli xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi. Shuningdek, nazoratni yetarlicha olib bormaganligi tufayli bosh stomatolog J.Madaliyevga va tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika mudiri F.O‘sarovlarga hayfsan intizomiy jazo chorasi qo‘llash to‘g‘risidagi buyruqlar imzolanib, yuridik markazga xulosa olish uchun taqdim etildi”, — deyiladi rasmiy munosabatda.
Holat takrorlanmasligi uchun viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbariyati tomonidan 2022 yil 8 iyun kuni hududdagi barcha davolash-profilaktika muassasalari rahbarlari, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar, oilaviy poliklinikalar hamda oilaviy shifokorlik punktlari mudirlari ishtirokida videokonferensiya ko‘rinishida yig‘ilish o‘tkazilib, soha xodimlari qat’iy ogohlantirilgan.
Karmana tumani hokimligining rasmiy munosabati



















