Donbass frontida xorijlik jurnalistlar bilan suhbatda bo‘lgan ukrain rasmiylari va harbiylari vaziyat ularning armiyasi uchun juda og‘ir ekanini tasdiqlashgan: Rossiya qo‘shinlari otilayotgan artilleriya snaryadlari soni bo‘yicha katta ustunlik qayd etmoqda va aviatsiyadan faol foydalanmoqda. Shu bilan birga, Ukraina qurolli kuchlari askarining so‘zlariga ko‘ra, frontda yaqin masofadan o‘t ochish qurollari orqali to‘qnashuvlar deyarli kuzatilmayapti — ya’ni Rossiya armiyasi og‘ir qurollar borasidagi ustunligidan foydalanmoqda. Ukrain qo‘shinlarining yo‘qotishlari ulkan: mudofaa vazirligi kuniga 100 nafargacha askar va zobitlar halok bo‘layotganini tasdiqlagan (yaralanganlar bilan qo‘shganda kunlik yo‘qotishlar 600 kishigacha yetadi). Ukraina qo‘mondonligi (oddiy askarlar ham) bunday kritik vaziyatdan chiqishning yo‘li — G‘arbdan og‘ir qurollar yetkazib berilishi hajmini ko‘paytirish ekanini aytmoqda. Lekin bunday ta’minot bo‘lmagan taqdirda ham, Ukraina armiyasi halokat yoqasida emas, front sochilib ketmagan. Rossiya harbiylarining oldinga yurishi hamon minimal darajada — kuniga bir necha kilometrdan ko‘p emas.

Donbass frontida nimalar bo‘lmoqda?

Janglar hamon (so‘nggi ikki oyda bo‘lgani kabi) Shimoliy Don sohillarida davom etmoqda. Ikki tomon ham yangi platsdarmlar o‘rnatishga (ukrain armiyasi — daryoning o‘ng qirg‘og‘ida, rossiyaliklar — so‘l qirg‘og‘ida), shuningdek raqibning platsdarmlarini yakson etishga urinmoqda. Hozircha armiyalarning hech biri bu borada haqiqiy muvaffaqiyatga erisha olmadi.

  • Rossiya harbiylari daryoning chap sohilidagi deyarli barcha hududlarni egallab olgan (ya’ni Rossiya chegarasi tomonni) — ukrain qo‘shinlari tomonidan bir oydan oshiq vaqt davomida mudofaa qilingan Liman va Svyatogorsk shaharlari ruslar nazoratiga o‘tgan.
  • Ukraina armiyasida chap sohilda faqat ikki platsdarm qoldi —  Severodonetskdagi sanoat hududi va Xarkovdan sharqda joylashgan Stariy Saltovda.
  • Rossiya harbiylari Izyum janubida, Shimoliy Don daryosining o‘ng sohilidagi o‘rmonli hududdagi platsdarmda qamalib qolgan. Bu yerdan yurishlar aprel oyidayoq to‘xtab qolgan, qo‘shinlarning katta qismi platsdarmdan olib ketilgan — ularning bir qismi Rossiyaga, to‘ldirilish uchun qaytarilgan, boshqa qismi Severodonetsk hududiga o‘tkazilgan.
  • «DXR»ning deyarli butun hududi Shimoliy Donning o‘ng sohilida (daryo janubroqda Rossiya tomon buriladi) joylashgan. Ammo bu yerda rossiyalik harbiylar va tan olinmagan respublika «xalq militsiyasi» 2014 yildayoq, Donetsk aeroporti va uning atrofidagi hududlar uchun janglardan keyin yuzaga kelgan «tutashuv liniyasi»ni yorib o‘ta olmaydi. Liniya ukrain harbiylari bilan jiddiy mustahkamlangan, sakkiz yil mobaynida bu yerda chuqur mudofaa (eshelonli) tashkil etilgan.